Zararlangan daraxtlarni sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda
2026-07-25 19:00:00 / Yangiliklar
Holat Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasi, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamda Toshkent shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
“O‘rganish davomida hududdagi chinor daraxtlarida bir qancha zararkunandalar aniqlandi. Bu borada kerakli tushuncha va tavsiyalar berildi. Ayni damda daraxtlarni zararkunandalardan xalos qilish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, — dedi Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Yunusobod tumani fitosanitariya nazorati inspektori Azizxo‘ja Hamroxo‘jayev.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga ko‘ra, o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilishga doir tadbirlarni belgilash o‘simliklar karantini davlat inspektorlari vakolatiga kiradi.
O‘z navbatida murojaatchi Aleksey Meng daraxtlar holati o‘z vaqtida nazoratga olingani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Murojaatimizdan keyin mutaxassislar kelib, holatni o‘rganishdi va daraxtlarga ishlov berish ishlarini boshlashdi. Xususan, ildiz tizimini mustahkamlash uchun davolash choralari amalga oshirilmoqda. Buning uchun o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Ishonamizki, mahallamizdagi daraxtlar yana kuchga to‘lib, hududimiz qaytadan yashil va ko‘rkam maskanga aylanadi”, — dedi u.
Ekologiya milliy qo‘mitasi daraxtlarning zararlanishiga yo‘l qo‘yish, ularga shikast yetkazish yoki kesish kabi holatlarni keskin qoralaydi va bunday huquqbuzarliklar qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi.
