Ohangaronda Sibir tog‘ echkisi ovlangani ma'lum bo‘ldi
2026-07-22 10:00:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiya xodimlari hamda tuman IIB xodimlari hamkorligida reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida “Ko‘ksaroy” MFY hududida Sibir tog‘ echkisining tana qismlari sotilayotgani aniqlandi. O‘rganish davomida mazkur tog‘ echkisi fuqaro U.M. tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda otib o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 32 va 33-moddalari hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 17, 23 va 27-moddalari talablari buzilgani aniqlandi.
Mazkur huquqbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 6 million 180 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblandi.
Hozirda holatga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish maqsadida hujjatlar sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
