Samarqandda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatiga chek qo‘yildi
2026-07-16 17:45:00 / Yangiliklar
Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ekopolitsiya xodimlari tomonidan Oqdaryo tuman IIB, YHXB xodimlari bilan birga navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Oqdaryo o‘rmon xo‘jaligi yerlari hududida tumanning "Istiqlol" MFYda yashovchi fuqaro A. M. o‘z boshqaruvidagi davlat raqamisiz ekskavator yordamida o‘rmon hududini buzib, qum-shag‘al aralashmasini yuk mashinalariga yuklab sotayotganligi aniqlandi va to‘xtatildi.
Reyd davomida huquqbuzarlar inspektorlarga faol qarshilik ko‘rsatishga urinishdi. Ammo qonunbuzarlik vositasi bo‘lgan yuk mashinalari va ekskavator ashyoviy dalil sifatida vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilib, davlatga yetkazilgan zarar hisoblanmoqda. Shuningdek, holatga huquqiy baho beriladi va tegishli chora ko‘riladi.
