“Yashil belbog’” loyihasi doirasida iqlimga mos daraxt va buta ko’chatlari o’tqaziladi
2026-07-15 11:20:00 / Yangiliklar
Maʼlumot uchun, “yashil belbogʻ”larni shakllantirish boʻyicha vazifalar Prezident farmon va qarorlarida belgilangan boʻlib, 2022–2026-yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta koʻchatlari ekilgan. 2025–2026-yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda — Bektemir tumanida 38 ming tup, Toshkent tumanida 20 ming tup, Yangihayot tumanida 2,1 ming tup, Qibray tumanida 100 ming tup daraxt koʻchatlari ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yoʻli yoqasida, Yangihayot tumanining Toshkent viloyati bilan chegaradosh qismida 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta koʻchatlari oʻtqazilgan.
2026–2027-yillarda qoʻshimcha ravishda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar, shuningdek, Chirchiq daryosining Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan oqib oʻtuvchi qismi boʻylab 100 gektar maydonda yangi “yashil belbogʻ”lar barpo etish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi 47-son Farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida botanika hamda dendrologiya bogʻlarini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni belgilangan. Jumladan, Toshkent shahrida 337,3 gektar, Toshkent viloyatida 48 gektar maydon ushbu maqsadlarga yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 83-son qaroriga asosan, Toshkent shahrida 9 ta hududda umumiy maydoni 139,6 gektar boʻlgan yangi jamoat parklarini tashkil etish belgilangan.
Bundan tashqari, "Yashil belbog‘" loyihasi doirasida Toshkent shahri va unga tutash hududlarda 2045-yilga qadar kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy oʻrmonzorlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, kamida 50 million tup iqlimga mos, qurgʻoqchilikka chidamli va chang ushlab qolish xususiyati yuqori boʻlgan daraxt hamda buta koʻchatlarini ekish, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, “yashil belbogʻ”lar bir martalik koʻchat ekish tadbiri emas, balki huquqiy maqomi mustahkamlangan, moliyalashtirish, parvarish, sugʻorish, monitoring va jamoatchilik nazorati bilan taʼminlanadigan ekologik infratuzilmadir. Bunday yondashuv Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Xitoy va Qozogʻiston tajribasida qoʻllanilgan. Shu nuqtayi nazardan, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar faqat koʻchat ekish bilan cheklanmaydi. Asosiy eʼtibor yerlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, ularni qurilish va boshqa maqsadlarga asossiz ajratishning oldini olish, daraxt va butalarning yashovchanligini taʼminlash, suv tejamkor sugʻorish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini doimiy monitoring qilishga qaratiladi.
Yoʻl yoqalarida tabiiy oʻsib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish masalasi ham alohida eʼtiborda.
