Zarafshon milliy bog‘ida SMART-patrul tizimi joriy etilmoqda
2026-07-14 18:10:00 / Yangiliklar

13–17-iyul kunlari davom etadigan treningda bog‘ inspektorlari va mutaxassislari patrullik ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash hamda tahlil qilish uchun zamonaviy raqamli vositalardan foydalanishni o‘rganadilar. Trening yakunlangach, xodimlar qog‘oz hujjatlardan voz kechib, maxsus mobil ilova o‘rnatilgan himoyalangan smartfonlardan foydalanishga o‘tadilar. Ushbu ilova kuzatuvlarni geografik koordinatalarga bog‘lagan holda qayd etish va ma’lumotlarni yagona bazaga uzatish imkonini beradi.
SMART (Spatial Monitoring and Reporting Tool) tizimi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni monitoring qilish va boshqarish bo‘yicha dunyodagi eng samarali vositalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tizim dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidagi 1200 dan ziyod tabiatni muhofaza qilish hududida qo‘llanilmoqda, 20 ta davlatda esa milliy darajada joriy etilgan. O‘zbekistonda mazkur texnologiya Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i, “Saygachiy” kompleks landshaft buyurtmaxonasi hamda Surxon davlat qo‘riqxonasida qo‘llanib kelinmoqda. Endilikda SMART tizimi foydalanuvchilari qatoriga Zarafshon milliy tabiat bog‘i ham qo‘shilmoqda.
O‘quv dasturi patrullik ma’lumotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun "SMART Mobile" mobil ilovasidan foydalanishni o‘zlashtirish, shuningdek, ma’lumotlar bazasi operatorlarining axborotni qayta ishlash, ma’lumotlar sifatini nazorat qilish va tahliliy hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha malakasini oshirishni o‘z ichiga oladi. Treningning yakuniy bosqichida tizim dala sharoitida sinovdan o‘tkazilib, yovvoyi tabiat monitoringi ma’lumotlari yagona SMART platformasiga integratsiya qilinadi.
“SMART tizimini o‘zlashtirish jarayonida inspektorlar va ularning rahbarlari bilan ishlash men uchun katta sharaf, — dedi trening olib borayotgan niderlandiyalik yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro ekspert Mixael Xyotte. — Ularning patrullik davomida ma’lumotlarni aniq yig‘ishga bo‘lgan mas’uliyatli yondashuvi menda katta taassurot qoldirdi. Ushbu tizimni joriy etish dala monitoringi sifatini sezilarli darajada oshiradi hamda bioxilma-xillikni uzoq muddatli muhofaza qilishni yanada kuchaytiradi”.
SMART-patrullik tizimini joriy etish GIZ tomonidan Markaziy Osiyodagi beshta transchegaraviy daryo havzasida iqlim xatarlarini baholash asosida amalga oshirilayotgan moslashuv chora-tadbirlari majmuasining bir qismidir. Shunga o‘xshash tadbirlar O‘zbekiston va Tojikistonda ham amalga oshirilmoqda hamda ular iqlim o‘zgarishi sharoitida iqlim xatarlarini boshqarish va tabiiy merosni asrash borasidagi muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik namunasi hisoblanadi.



