Orxus markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
2026-07-14 12:25:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Orxus markazini tashkil etishning huquqiy va tashkiliy asoslari, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda ekologik axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ta'kidlanganidek, Orxus markazi fuqarolarning atrof-muhit holati to‘g‘risidagi axborotlardan erkin foydalanishini ta'minlash, ekologik masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish hamda ekologik adolatga erishish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Muhokamalar davomida Jamoatchilik kengashi a'zolari tomonidan markaz faoliyatini samarali tashkil etish, aholiga ekologik axborotlarni tezkor va ishonchli yetkazish, ekologik ta'lim va targ‘ibot ishlarini yanada rivojlantirish, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidan Orxus markazi rahbari lavozimiga nomzodlarni ko‘rib chiqish masalasi ham o‘rin oldi. Jamoatchilik kengashi a'zolari nomzodlarning kasbiy salohiyati, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tajribasi, boshqaruv ko‘nikmalari hamda markaz faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan takliflarini muhokama qildi. Muhokamalar yakunida bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida tegishli xulosalar shakllantirildi.
Yig‘ilish yakunida Orxus markazini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy ishlarni jadallashtirish, Jamoatchilik kengashi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Mazkur tashabbus ekologik ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, fuqarolarning ekologik huquqlarini ro‘yobga chiqarish, jamoatchilikning ekologik boshqaruvdagi ishtirokini kengaytirish hamda mamlakatda barqaror rivojlanish tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta'kidlandi.



