O‘zbekistonning barcha hududlarida yashillikni asrash choralari kuchaytirildi
2026-07-14 12:05:00 / Yangiliklar

Mamlakatning barcha hududlarida daraxtlar, butalar va manzarali o‘simliklarni namlikning bug‘lanishi eng kam bo‘ladigan tong, kechqurun va tun soatlarida sug‘orish ishlari tashkil etildi. Shu bilan birga, maxsus texnikalar yordamida ko‘chalar va jamoat joylarini salqinlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyatida yashil hududlar parvarishi kuchaytirilib, favvoralar ishga tushirilgan, markaziy ko‘chalar hamda yashil zonalar muntazam sug‘orilmoqda. Konimex tumanida esa havo haroratini pasaytirish va chang miqdorini kamaytirish maqsadida ko‘chalarni sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ekologiya xodimlari daraxt va butalarning qurib qolishining oldini olish hamda ularning barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida tungi sug‘orish ishlarini olib bormoqda.
Xonobod va Andijon shaharlarida maxsus texnikalar yordamida ko‘chalar salqinlashtirilmoqda va aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu tadbirlar atmosfera havosi sifatini yaxshilash hamda chang ko‘tarilishining oldini olishga ham xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatida tasdiqlangan grafiklar asosida ko'chalar, daraxtlar va yashil maydonlarni sug'orish ishlari olib borilmoqda. Bunda asosiy e'tibor manzarali ko'chatlarni saqlab qolish, hududlarning sanitariya holatini yaxshilash va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Termiz shahrida kunning eng issiq vaqtlarida yuqori haroratning aholiga salbiy ta'sirini yumshatish maqsadida ko'chalarga suv sepish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, hududlarni yanada ko'kalamzorlashtirish maqsadida viloyatning turli tumanlarida maysazorlar va manzarali gullarni uzluksiz suv bilan ta'minlaydigan zamonaviy sug'orish tizimi o'rnatildi.
Navoiy viloyatida aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash hamda yozgi jazirama davrida qulay muhit yaratishga qaratilgan daraxtlar, gulzorlar va boshqa yashil maydonlarni muntazam sug'orish ishlari davom ettirilmoqda.
Namanganda esa anomal issiq oqibatlarini yumshatish maqsadida yirik shahar ko'chalarini qoʻshimcha sug'orish tashkil etildi, shuningdek, viloyat markazi bo'ylab daraxtlar, maysazorlar va gulzorlarni sug'orish ishlari kuchaytirildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fuqarolarni yashillikka befarq bo‘lmaslikka chaqiradi. Ushbu jazirama kunlarda sug‘orilgan har bir daraxt va asrab qolingan har bir yashil maskan mamlakatimizning ekologik farovonligiga qo‘shilgan munosib hissadir.




