Anomal issiqda o’zimiz va yashillikni asraylik!
2026-07-12 16:30:00 / Yangiliklar

Anomal issiq havo insonlar bilan bir qatorda mamlakatimizdagi yashil hududlar, daraxtlar, butalar va hayvonot dunyosi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Daraxtlarning qurib qolishi, yashil hududlarning zararlanishi hamda suv tanqisligi ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu munosabat bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi barcha yurtdoshlarimiz va mutasaddi tashkilotlarni ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqiradi.
Xususan, yurtdoshlarimizga quyidagilar tavsiya qilinadi:
1. Kunning eng issiq vaqti – soat 11:00 dan 17:00 gacha imkon qadar ochiq havoda bo‘lmaslik;
2. Yetarli miqdorda suv iste’mol qilish, yengil va och rangli kiyimlar kiyish hamda quyosh nurlaridan himoyalanish;
3. Bolalar, yoshi ulug‘ insonlar va salomatligida muammosi bo‘lgan shaxslarga alohida e’tibor qaratish;
4. O‘rmonlar, dam olish maskanlari va boshqa yashil hududlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, ochiq olov yoqmaslik hamda yonuvchan chiqindilarni tashlab ketmaslik;
5. Xonadon va mahalla hududidagi qarovsiz qolgan daraxtlarga befarq bo‘lmaslik, ularni qurib qolishdan asrash choralarini ko‘rish;
6. Xonadonlar va mahallalardagi daraxt hamda butalarni erta tongda yoki kechqurun muntazam sug‘orish, tuproq namligini saqlash maqsadida ildiz atrofi tuprog‘ini yumshatish va imkoniyatdan kelib chiqib organik qoplama (mulcha) qo‘llash;
7. Daraxtlar va boshqa yashil hududlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilish.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari, kommunal xizmatlar, mahallalar, korxona va tashkilotlar hamda hududlardagi barcha mutasaddi tashkilotlarga esa quyidagi vazifalarni kuchaytirish tavsiya etiladi:
1. Aholi yashash punktlaridagi daraxtlar, butalar, gulzorlar va boshqa yashil hududlarning holatini doimiy monitoring qilish;
2. Yuqori harorat sharoitida daraxt va ko‘chatlarni agrotexnik talablar asosida, belgilangan grafiklarga muvofiq muntazam va o‘z vaqtida sug‘orish ishlarini tashkil etish;
3. Sug‘orish tarmoqlari, ariqlar va suv yetkazib berish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda mavjud nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish;
4. Yangi ekilgan ko‘chatlar hamda qurib qolish xavfi yuqori bo‘lgan yashil hududlarni alohida nazoratga olib, qo‘shimcha parvarish ishlarini tashkil etish;
5. Suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalangan holda tomchilatib sug‘orish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni bosqichma-bosqich keng joriy etish;
6. Qurilish va ishlab chiqarish obyektlari atrofidagi daraxtlarni qurilish changi ta’siridan muhofaza qilish, zarurat tug‘ilganda ularning barglarini suv bilan yuvish hamda ildiz qismiga suvning erkin singishini ta’minlash;
7. Hayvonot dunyosi, ayniqsa, yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun suv manbalarini saqlash, tabiiy hududlarda yong‘inlarning oldini olish hamda tabiat obyektlarini muhofaza qilish choralarini kuchaytirish.
Unutmang! Bugun amalga oshiriladigan har bir ezgu amal — ertaga farzandlarimiz nafas oladigan musaffo havo, salqin muhit va barqaror ekologik kelajak uchun xizmat qiladi. Har bir saqlab qolingan daraxt issiqlik ta’sirini yumshatish, havo sifatini yaxshilash va tabiiy muvozanatni ta’minlashga xizmat qiluvchi bebaho boylikdir. Barchangizni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylashga hamda anomal issiq davrida ekologik mas’uliyatni yanada kuchaytirishga chaqiramiz.
