Rasmiy munosabat!
2026-07-12 12:30:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri hokimligi tasarrufidagi Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Maxsustrans” qattiq maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan. Hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostida, yong‘in bartaraf etilgan. Poligonda rekultivatsiya hamda tuproq bilan qoplash ishlari olib borilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda kuyindi hidining paydo bo‘lishiga ob-havo sharoitining o‘zgarishi sabab bo‘lgan. Kun davomida poligonda ochiq alangalar o‘chirilgan bo‘lsa-da, chiqindilarning ayrim qismlarida ichki tutash (cho‘g‘lanish) davom etgan. Natijada havoga tutun va mayda zarrachalar ajralishda davom etgan.
Kechga qadar shaharda deyarli shamol bo‘lmagan. Biroq soat taxminan 19:00 dan keyin shamol keskin kuchayib, janubi-sharq tomondan — poligon joylashgan hududdan poytaxt tomon esa boshlagan.
Aynan shu vaqtda havo sifati monitoringi stansiyalari PM₂.₅ va PM₁₀ mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshganini qayd etdi. Shaharning turli tumanlarida yashovchi fuqarolar esa tutun va kuyindi hidini sezganliklarini ma’lum qilishdi.
Shunday qilib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdagi kuyindi hidi shamol yo‘nalishi va tezligining keskin o‘zgarishi oqibatida poligon hududidan chiqqan tutun massalari hamda mayda aerozol zarrachalarining shahar tomonga ko‘chishi natijasida yuzaga kelgan.

