Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-07-10 10:20:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishni ochib bergan Aziz Abduhakimov Jamoatchilik kengashining Qo‘mita faoliyati ochiqligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda dolzarb ekologik masalalar bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdagi muhim o‘rnini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida Qo‘mita boshqarmalari va tizim tashkilotlari hamda Jamoatchilik kengashi o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish, Kengash faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining hisobot va ma’ruzalarini eshitish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ekologik ta’lim va kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jamoatchilik kengashi a’zolari mamlakatda tashkil etilayotgan “yashil” texnikumlar uchun atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, chiqindilarni boshqarish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar bildirdilar.
Shuningdek, hududlardagi ekologik vaziyatni o‘rganish va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarining amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokida qo‘shma reydlar tashkil etish tashabbuslari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda bioxilma-xillikni asrash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, yovvoyi hayvonlarni reabilitatsiya qilish va saqlashga ixtisoslashtirilgan pitomniklar tashkil etish, yangi qo‘riqlanadigan tabiiy hududni barpo etish hamda mamlakatdagi alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmog‘ini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yakunda ekologiya sohasini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ko‘p yillik fidokorona mehnati va faol jamoatchilik faoliyati uchun Jamoatchilik kengashi raisi Natalya Shivaldova, Jamoatchilik kengashi a’zosi, mehnat faxriysi hamda suv resurslari va atmosfera havosi monitoringi bo‘yicha ekspert Nina Pikul, shuningdek, “Jayron” pitomnigining faxriy xodimi, yovvoyi hayvonlarni moslashtirish va veterinariya yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis Erkin Yo‘ldashev “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yig‘ilish ishtirokchilari davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash davlat ekologik siyosatini samarali amalga oshirish, mamlakat tabiiy merosini asrash hamda jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirishning muhim omili ekanini alohida ta’kidladilar.









