Harorat oshadi: yoz o‘rtalarida qanday ob-havo kutilmoqda?
2026-07-08 20:00:00 / Yangiliklar

Iyul an’anaviy ravishda respublikadagi eng issiq oy hisoblanadi. O‘rtacha kunduzgi eng yuqori havo harorati 35–37 daraja, janubiy va cho‘l hududlarida esa 38–40 darajani tashkil etadi. Shu bilan birga, deyarli har yili kuchli issiq to‘lqinlari kuzatilib, harorat 40–42 daraja, ayrim joylarda esa 43–45 darajagacha ko‘tariladi.
So‘nggi yillarda mamlakatda o‘ta issiq kunlar soni barqaror ortib bormoqda. O‘tgan o‘n yillikdagi barcha iyul oylari iqlimiy me’yordan issiqroq bo‘lgan, ularning to‘qqiztasi esa meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘nta iyul oyi qatoridan joy olgan.
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, iyulning birinchi o‘n kunligi oxiriga kelib kunduzgi havo harorati 37–40 daraja, janubiy hududlarda esa 41–43 darajagacha ko‘tariladi. Oy oxirigacha harorat 33–38 darajadan 38–43 darajagacha o‘zgarib turishi, shimoliy, cho‘l va janubiy hududlarda ayrim joylarda esa 45 darajagachayetishi mumkin.
Iyul oyining o‘rtacha harorati iqlimiy me’yordan 1,5–3 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, oy asosan quruq ob-havo bilan o‘tadi: yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘ladi, faqat ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Mutaxassislar mamlakat aholisiga uzoq vaqt davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida qolmaslikni, yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilishni hamda, ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklarga chalingan insonlar salomatligiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etmoqda.
