Yaponiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o’tkazildi
2026-07-08 10:55:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlanib, Yaponiya barqaror rivojlanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish sohalarida O‘zbekistonning muhim hamkorlaridan biri ekani qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan beshta umummilliy ekologik loyiha: “Yashil makon”, “Toza havo”, “Chiqindisiz hudud”, “Biomeros” va “Ekologik madaniyat” loyihalariga alohida e’tibor qaratdilar.
"Sumitomo Corporation" vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarni yuksak baholab, kompaniya Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida turli loyihalarni amalga oshirayotganini ma’lum qildi.
Yaponiya tomoni iqlim o‘zgarishiga moslashish, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish bo‘yicha loyihalarga qiziqish bildirar ekan, issiqxona majmualarida issiqlik nasoslari texnologiyalarini qo‘llashni o‘z ichiga olgan energiya tejamkor isitish, shamollatish va havoni konditsiyalash tizimlarini joriy etish borasidagi xalqaro tajribani taqdim etdi.
Xususan, Turkmanistonda "Daikin" kompaniyasining iqlim texnologiyalari asosida barpo etilgan zamonaviy issiqxona majmuasi tajribasi namoyish etildi. Shu munosabat bilan Yaponiya tomoni O‘zbekistonda issiqxona xo‘jaliklarini ko‘mir yoqilg‘isiga asoslangan isitish tizimidan zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Shuningdek, Samarqand viloyatidagi “Green Territory” loyihasi hududida energiya tejamkor isitish sohasidagi ilg‘or yechimlarni sinovdan o‘tkazish uchun namoyish maydonchasini tashkil etish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ekspertlar darajasidagi maslahatlashuvlarni davom ettirish, ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirish hamda issiqxona xo‘jaliklarini modernizatsiya qilishga qaratilgan pilot loyihani amalga oshirish, shu jumladan, uni moliyalashtirishning ehtimoliy mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
