"Surxon" davlat qo‘riqxonasida ilk bor jayronlar paydo bo‘ldi
2026-07-06 16:30:00 / Yangiliklar

Ta'kidlash joizki, qo‘riqxona tashkil etilganidan beri (1986-yil) ilk bor hududda jayronlar kuzatilmoqda. "Surxon"da yaratilgan qulay shart-sharoitlar sababli qo‘riqxonaga Turkmaniston hududidan 10 bosh jayron ko‘chib o‘tdi. Jayron soni qisqarib borayotgan, zaif toifadagi hayvon sifatida muhofaza ostiga olingan. U O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
XX asrning birinchi yarmigacha O‘zbekistonning qum sahrolari va tog‘oldi adirlarida chiroyli va tez yuguradigan juft tuyoqli hayvon — jayron yoki qoraquyruq keng tarqalgandi. Hozirgi vaqtda esa u faqat O‘zbekistonning o‘zlashtirilmagan ayrim hududlaridagina saqlanib qolgan. Ushbu hayvon tanasining uzunligi 110–115 sm, vazni esa 25–30 kg ni tashkil etadi. Erkaklarining lirasimon, qoramtir tusdagi shoxlari bo‘ladi, urg‘ochilari esa shoxsiz. Dumining qoramtir qo‘ng‘ir yoki qora rangda, orqa qismi esa oqish tusda bo‘lgani sababli u "qoraquyruq" deb ham nom olgan.
Jayron O‘zbekistonning Ustyurt yassi tekisligi, Qizilqum va unga yondosh hududlar, Qarshi cho‘li hamda Surxondaryo viloyatining ayrim joylarida uchraydi. Ko‘hitang tizmasining janubiy qismidagi Oqtosh, Qizil, Alisherdara va Xo‘jabesh massivlarida 10–15 boshdan iborat kichik guruhi, shuningdek, Bobotog‘ tog‘larining tog‘oldi adirliklarida 20–25 bosh jayron uchrashi aniqlangan. Jayron guruh yoki poda bo‘lib keng hududlarda ko‘chib yashaydi, ba’zan yakka holda ham uchraydi.
Ma'lumot uchun, "Surxon" davlat qo'riqxonasi 1986-yil 8-sentabrda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tashkil etilgan. Hududda 200 ga yaqin hayvon turi uchraydi, shundan 30 turga yaqini O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
