O‘zbekiston va Qozog‘iston atmosfera havosi sifatini yaxshilashga doir kuchlarni birlashtirdi
2026-07-03 19:30:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuv 2026-yil 11-aprel kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘ldi. O‘shanda davlat rahbarlari mintaqaviy ekologik tashabbuslarni rivojlantirish, jumladan, chegaraoldi hududlarda «Toza havo» loyihasini amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidlagan edilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakillari, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattarov, Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori Sherzod Habibullayev, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qozog‘iston tomonidan esa Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi Ekologik tartibga solish va nazorat qo‘mitasi raisi Yerbolat Kojikov «Kazgidromet» davlat korxonasi bosh direktori Danara Alimbayeva, Qozog‘iston Respublikasi Milliy gidrometeorologiya xizmati Ilmiy-tadqiqot markazi direktori Tursin Tillakarim, shuningdek, Turkiston viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi vakillari qatnashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘zaro axborot almashdilar, davlat boshqaruvi tajribalarini taqdim etdilar hamda «Toza havo» qo‘shma loyihasini kelgusida amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muhokamalarda atmosfera havosi monitoringi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat vakillari havo sifati bo‘yicha kuzatuv natijalari, ifloslantiruvchi moddalar tarqalishiga ta’sir etuvchi atmosfera sirkulyatsiyasi jarayonlari, shuningdek, PM10 va PM2.5 qattiq hamda mayda dispers zarrachalar miqdori bo‘yicha tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.
Ta’kidlanganidek, atmosfera havosi davlat chegaralarini tan olmaydi, O‘zbekiston va Qozog‘istonning chegaraoldi hududlari esa umumiy atmosfera jarayonlari ta’sirida bo‘lib, bu o‘zaro muvofiqlashtirilgan ilmiy tadqiqotlar va qo‘shma yechimlarni talab etadi.
O‘zbekiston tomoni kompleks ilmiy tadqiqotlar natijalarini taqdim etib, yirik shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishining asosiy qismi antropogen manbalar hissasiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ifloslantiruvchi moddalar tarqalishida atmosfera sirkulyatsiyasi va havo massalarining ko‘chishi ham muhim omil ekani qayd etildi. Shuningdek, havo sifati monitoringining avtomatik stansiyalari ma’lumotlari asosida tayyorlangan PM2.5 va PM10 zarrachalari konsentratsiyasining hududiy taqsimoti bo‘yicha ilmiy materiallar ham taqdim etildi.
Yig‘ilish davomida tomonlar har ikki mamlakat ilmiy doiralari vakillarini jalb etgan holda qo‘shma ishchi guruh tuzish masalasini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida transchegaraviy atmosfera ifloslanishini minimallashtirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mazkur ishchi guruhni shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ilmiy asoslangan yondashuv tadqiqotlarning xolis natijalarini olish hamda chegaraoldi hududlarda atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha samarali yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida Qozog‘iston delegatsiyasi O‘zbekistonda umummilliy «Toza havo» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar bilan ham tanishdi. Qozog‘iston vakillari Toshkent viloyatidagi issiqxonalarni demontaj qilish va ularni keyinchalik Surxondaryo viloyatiga ko‘chirish ishlari olib borilayotgan obyektlarga tashrif buyurdi.
Shuningdek, delegatsiya Toshkent IESga tashrif buyurib, atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy gazlarni tozalash va chiqindilarni filtrlash tizimlari faoliyati bilan tanishdi. Bundan tashqari, mehmonlarga avtotransport vositalariga ekologik stikerlar berish mexanizmi transportning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish vositalaridan biri sifatida taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishini minimallashtirishga qaratilgan qo‘shma amaliy tadbirlarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldilar.









