“Eko-zakovat”: yoshlar sohaga doir yangi bilimlarni o’zlashtirishdi
2026-07-02 14:50:00 / Yangiliklar
Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanida “Eko-oromgoh” doirasida “Eko-zakovat” intellektual o’yini o’tkazildi. Unda respublikaning barcha hududlaridan yig’ilgan 14 ta jamoa ishtirok etdi.

O’yin davomida yoshlar o’zlarining sohaga oid bilimlarini sinovdan o’tkazishdi. Jami 24 ta savolga javob berish davomida ishtirokchilar yangi bilim va ko’nikmalarni o’zlashtirishdi, boshqa jamoalar bilan o’zaro tajriba almashishdi va, albatta, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi bilimlarini yanada kuchaytirishlari kerakligini belgilab olishdi.
“Bu galgi o’yinda ham asosiy e’tibor atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga qaratildi. Savollar qiyin bo’lishiga qaramay, ishtirokchilar o’tgan yilga qaraganda yaxshiroq natijalar ko’rsatishdi. Bu yoshlarimizning ekologik savodxonligi yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini anglatadi”, — dedi o’yin tashkilotchisi Abdumo’min Abdumannopov.
Yakunda Namangan viloyati 1-o’rinni, Toshkent viloyati 2-o’rinni, Xorazm viloyati esa 3-o’rinni egalladi.









