Samarqandda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holati aniqlandi
2026-06-29 17:40:00 / Yangiliklar

Navbatdagi reyd tadbiri Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi “O‘zbekkenti” mahallasi hududida o‘tkazildi. Tekshiruv davomida davlat raqam belgilarisiz ekskavatordan foydalangan holda Qoradaryo daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olayotgan bir guruh shaxslar aniqlandi. Qazib olingan material HOWO rusumli yuk avtomobiliga ortilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Noqonuniy qazib olingan materialni olib chiqishga urinish vaqtida Ekopolitsiya xodimlari mazkur transport vositasini to‘xtatdi. Qum-shag‘al aralashmasi ortilgan yuk avtomobili belgilangan tartibda vaqtinchalik saqlash maydonchasiga joylashtirildi.
Huquqbuzarlik natijasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi, “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasi talablari buzilgani qayd etildi. Natijada tabiatga 4 milliard 764 million 576 ming so‘m miqdorida zarar yetkazildi.
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
