“Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi o‘rganildi
2026-06-24 17:30:00 / Yangiliklar

“Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat muassasasida ish yuritish “Davlat tili haqida”gi Qonun hamda sohaga oid qonunchilik hujjatlari asosida tashkil etilgan. Joriy yil fevral oyida 16 nafar xodim Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi kurslarida o‘qitilgan. Yil oxirigacha hududiy filiallarning 29 nafar xodimini o‘qitish rejalashtirilgan.
Markazda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “siyosiy ma’rifat soatlari” muntazam o‘tkaziladi. Muassasada “Kitob burchagi” tashkil etilgan, may oyida “Kitobxon xodim” tanlovi o‘tkazildi. Shu bilan birga, markazda ayrim tashqi yozuvlar eskirgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston davlat tabiat muzeyida ba’zi hujjatlar kirill alifbosida tayyorlanayotgani hamda o‘zbek tili imlo qoidalariga amal qilmaslik holatlari aniqlandi. Imlo va uslubiy xatolarni bartaraf etish, tegishli xodimlarni malaka oshirish kursida o‘qitish zarurligi qayd etildi.
“Toshkent hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2025-2026-yillardagi ishlab chiqarishga oid buyruqlar davlat tilida qabul qilinmagan. Shuningdek, ish yuritish hujjatlarida imlo xatolari uchraydi. Muassasa xodimlarining davlat tili bo‘yicha malakasi oshirilmagan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi qoniqarsiz ahvolda.
Ishchi guruh tomonidan har uchala tashkilotda ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda davlat tilida ish yuritishni takomillashtirish, soha xodimlarining madaniy-ma’naviy saviyasini oshirish yuzasidan amaliy-uslubiy tavsiyalar berildi.


