Yashil taksonomiya — yashil iqtisodiyotni barpo etish yo‘lidagi muhim qadam
2026-06-24 17:45:00 / Yangiliklar

Ta'kidlash joizki, 2023-yil 25-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, “yashil” obligatsiyalar va kreditlar, shuningdek, boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan “yashil” turdagi loyihalarni tasniflash tajriba tariqasida Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek,
davlat moliyaviy koʻmagidan foydalangan barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xususiy va davlat ishtirokidagi xoʻjalik birlashmalarining investitsiyaviy xarajatlari Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi asosida tasniflanadi hamda ular tomonidan masʼul respublika ijro etuvchi hokimiyat organiga maʼlumotlar taqdim etib boriladi.
Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi quyidagicha tasniflanadi:
— suv va xomashyolardan foydalanish samaradorligi;
— Havo va tuproq sifatini yaxshilash;
— Barqaror qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, ekoturizm;
— "Yashil" transport;
— Energiya samaradorlikni oshirish;
— Qayta tiklanuvchi energiya;
— "Yashil" binolar.
Qarorga ko‘ra, milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi toza suv isteʼmolini maishiy va ichimlik ehtiyojlari uchun kamida 30 foizga, sugʻorish uchun 20 foizga hamda sanoat va texnik ehtiyojlar uchun 40 foizga kamaytirish, tozalangan suvdan ikkilamchi foydalanish, aqlli avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish, yigʻilgan ikkilamchi xomashyoni kamida 80 foiz qayta ishlash, issiqxona gazlari tashlamalarini kamida 20 foizga kamaytirish va boshqa ekologik talablarni bajarishga xizmat qiladi.
"Yashil" taksonomiya ekologik jihatdan barqaror loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish, yashil moliyalashtirish bozorini rivojlantirish va investorlar uchun shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston uchun bu yashil iqtisodiyotni barpo etish, shuningdek, iqlim va barqaror rivojlanish sohasidagi milliy majburiyatlarni bajarish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.

