O‘zbekiston Turkiyada bo‘lib o‘tadigan COP31 konferensiyasida Milliy pavilyon bilan ishtirok etadi
2026-06-22 17:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda, shuningdek, COP31 Tayyorgarlik ofisi vakili Aysun Boshcha, Iqlim o‘zgarishi masalalari boshqarmasi rahbari Shyukryu Uzun, akademik maslahatchi professor Menaf Turan hamda Yevropa Ittifoqi va tashqi aloqalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari ishtirok etdi.
Muzokaralar chog‘ida Fatma Varank O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. U O‘zbekistonning barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish va ekologik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamda mintaqaviy tashabbuslarining ahamiyatini ta’kidladi.
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish va qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirish sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuvda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha asosiy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) tadbiriga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur konferensiya 2026-yil noyabr oyida Turkiya Respublikasining Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadi.
Xususan, COP31 maydonida O‘zbekiston Respublikasining Milliy pavilyonini joylashtirish, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining tadbirda ishtirok etishi bilan bog‘liq tashkiliy va logistika masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, tomonlar konferensiyaning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekistonning ekologik va iqlim kun tartibini xalqaro maydonda ilgari surishga qaratilgan sayd-iventlar, ikki tomonlama uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Yakunda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlab, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va COP31 konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


