"Surxon" davlat qo'riqxonasi fotoqopqoniga morxo'r va kakliklar muhrlandi
2026-06-22 12:30:00 / Yangiliklar

Morxo'r O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga va Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMQI) roʻyxatiga kiritilgan. U yo'qolib ketish xavfi ostida bo'lgan, muayyan hududlardagina tarqalgan kenja tur hisoblanadi. "Morxo'r" so'zi forscha kelib chiqishga ega bo'lib, "mor" — ilon, "xo'r" — yeyuvchi, ya'ni so'zma-so'z aytganda "ilon yeyuvchi hayvon" ma'nosini bildiradi. Ushbu jonivor bunday nomni o'zining ilonga o'xshash yirik va buralgan shoxlari tufayli olgan bo'lishi ham ehtimoldan xoli emas.
Kaklik — o'rtacha kattalikdagi qush bo'lib, uning boshi va bo'yni o'ziga xos qizg'ish-pushti tusda, qorni och rangda, tanasining yon tomonlarida esa qora ko'ndalang chiziqlari bor. U tog' va tog'oldi hududlarida yashaydi. May oyida o'simliklar panasida uya qurib, 7-22 tagacha tuxum qo'yadi. Polaponlar 24 kunlik bosib yotishdan so'ng may–iyun oylarida tuxumdan chiqadi.
Ma'lumot uchun: Surxon davlat qo'riqxonasi 1986-yil 8-sentabrda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida tashkil etilgan. Uning hududida 200 ga yaqin hayvon turi yashaydi, ulardan 20 dan ortig'i O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Qo'riqxonada eng ko'p tarqalgan hayvonlar buralgan shoxli tog' echkisi (morxo'r) va Buxoro tog' qo'yidir.


