Toshkent viloyatida ekologiya mas'ullariga qat'iy choralar ko‘rildi
2026-06-18 11:05:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Toshkent viloyatida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi bir qancha kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Xususan, ekologik nazorat sust olib borilganligi, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda nazorat yetarli darajada emasligi, ekologik ekspertiza xulosasisiz va daryo muhofaza zonasida ruxsatsiz faoliyat yuritayotgan obyektlar bo‘yicha yetarlicha nazorat o‘rnatilmaganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Chirchiq daryosi o‘zanida noqonuniy qum-shag‘al aralashmasi qazib olinishi hamda muhofaza maydoniga chiqindilar joylashtirilayotganligi holatlari bo‘yicha nazorat ta’minlanmaganligi qayd etildi. Shu bilan birga, har bir tuman va shahar faoliyati tanqidiy tartibda tahlil qilinib, ekologik nazoratni tashkil etishdagi sustkashlik va mas’uliyatsizlik holatlari ham aytib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga nisbatan qat’iy jazo choralari qo‘llanildi. Xususan, Toshkent viloyati Ekopolitsiya boshlig‘i o‘rinbosari va sakkizta tuman hamda shahar bo‘limlari boshliqlari lavozimidan ozod etildi. O‘z navbatida Toshkent viloyati Ekologiya bosh boshqarmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalariga Toshkent viloyati misolida o‘z faoliyati yuzasidan tegishli xulosa chiqarib, aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, nazorat samaradorligini oshirish hamda aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan vazifalar yuklatildi.
Ta'kidlash joizki, ekologik nazorat respublikaning boshqa hududlarida ham kuchaytirilgan bo‘lib, har qanday mas'uliyatsizlik keskin jazo choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.




