Bugun ham Toshkentda qisqa muddatli chang-to‘zonlar kuzatiladi
2026-06-18 10:40:00 / Yangiliklar

Prognozlarga ko'ra, kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi 3–8 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 12–15 m/s gacha kuchayishi ehtimoli mavjud. Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Mazkur jarayonlar natijasida atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori, ayniqsa PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatga ortishi ehtimoli mavjud. Kunning ikkinchi yarmida esa qisqa muddatli yog‘ingarchilik tufayli atmosfera havosi asta-sekin tozalanadi.
Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari mavjud fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqoblardan foydalanish lozim.
Hozirda atmosfera havosi holati Maxsus komissiya tomonidan nazoratga olinib, doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Maxsus komissiya 15, 16 va 17-iyun kunlari ham poytaxtda qisqa muddatli chang-to’zon haqida ogohlantirgan edi va Toshkentda bu holat kuzatildi.
