Prezidentning ekologik tashabbuslarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
2026-06-16 15:20:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov raisligida o‘tkazildi. Unda Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Energetika vazirligi, Adliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni ochib bergan Aziz Abduhakimov mas’ul idoralar rahbarlariga global ekologik tadbirlarni tashkil etishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirib, GEFning VIII Assambleyasi mintaqadagi eng yirik xalqaro ekologik tadbir sifatida tarixiy ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Tadbir doirasida GEF Kengashining 71-sessiyasi, NNT forumi, yuqori darajadagi to‘qqizta davra suhbati, 50 ga yaqin qo‘shimcha tadbir, 50 dan ortiq ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar, “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi hamda IHTga a’zo davlatlar ekologiya vazirlarining oltinchi uchrashuvi tashkil etildi.
Assambleya yakunlariga ko‘ra, GEF grant mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 50 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasi doirasida esa 80 million dollar miqdorida grantlar va 520 million dollardan ortiq “yashil” investitsiyalar jalb qilindi. Tadbirda dunyoning 150 mamlakatidan 8,5 mingdan ortiq mutaxassis qatnashdi, ko‘rgazma yakunida esa yashil energetika, suv resurslari va chiqindilarni qayta ishlash sohalarida qariyb 300 ta bitim imzolandi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning Samarqand shahrini “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusini amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, Samarqand yashil iqtisodiyot, barqaror rivojlanish va iqlimiy moliyalashtirish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylantiriladi va ushbu tajriba keyinchalik mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, "Green University" bazasida Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish hamda Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Qozog‘iston bilan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumini yaratish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Orolbo‘yi hududida cho‘llanishga qarshi kurashish, “yashil qalqonlar” yaratish va mintaqaning iqlimiy barqarorligini oshirishga qaratilgan “Cho‘l iqtisodiyoti” tashabbusini ilgari surish masalalariga ham e'tibor qaratildi. Mazkur tashabbus xalqaro moliyaviy va texnik ko‘mak asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda ikkita zavodni ishga tushirish, keyingi ikki yil davomida esa yana to‘qqizta korxonani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu yiliga 5,5 million tonnagacha chiqindini qayta ishlash va issiqxona gazlari tashlamalarini 1,1 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, yagona ekologik ta’lim va ilm-fan tizimini shakllantirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. "Green University" tarkibida 10 ta ilmiy-tadqiqot instituti va markaz, shuningdek, 14 ta “yashil” texnikum birlashtirilgan bo‘lib, qariyb 2 million nafar yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Qolaversa, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkaziladigan "Eco Expo 2027" ko‘rgazmasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Ko‘rgazmaning asosiy mavzusi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” bo‘ladi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslarini amalga oshirish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, ekologiya va iqlim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda barqaror rivojlanish loyihalarini ilgari surishga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar belgilab olindi.




