Maxsus komissiya bugun Toshkentda qisqa muddatli chang-to‘zonlar kuzatilishi yuzasidan ogohlantiradi
2026-06-16 10:35:00 / Yangiliklar

Prognozlarga ko‘ra, kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi 3–8 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 12–15 m/s gacha kuchayishi ehtimoli mavjud. Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi kutilmoqda.
Mazkur jarayonlar natijasida atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori, ayniqsa, PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatga ortishi kuzatilishi mumkin. Biroq ushbu holat vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lib, kunning ikkinchi yarmida kuzatiladigan qisqa muddatli yog‘ingarchilik hisobiga atmosfera havosining asta-sekin tozalanishi kutiladi.
Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari mavjud fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqoblardan foydalanish tavsiya etiladi.
Hozirda atmosfera havosi holati Maxsus komissiya tomonidan nazoratga olinib, doimiy monitoring qilib borilmoqda.
