G‘alla maydonlarida yong‘in sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang!
2026-06-11 14:15:00 / Yangiliklar

Somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilishiga sabab bo‘lgan huquqbuzarlar hamda yer egalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llaniladi, shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarining har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar belgilanadi.
Diqqat!
Somonpoya qoldiqlari yoqilishi oqibatida atmosfera havosiga juda koʻp miqdorda (toksik) zaharli moddalar — uglerod oksidi (SO), azot oksidi (NOx), azot 2 oksidi (NO2), benz(a)piren dioksin, dibenzofuran, oltingugurt oksidi, fosgen kabi inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazuvchi zaharli moddalar ajralib chiqadi. Olovning yuqori harorati ta'sirida tuproq tarkibidagi makro va mikroelementlar yoʻqoladi, tuproq unumdorligi kamayadi.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekkosmos” agentligi davlat kosmik monitoringi dasturi doirasida somonpoyalar yoqilishi holatlarini hamda huquqbuzarlarni aniqlash va ularga qarshi tezkor chora ko‘rish bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Hurmatli fermerlar, dehqonlar va yer egalari! Somonpoyalarni yoqish o‘rniga ularni kompost qilish, haydash yoki chorvachilik ehtiyojlari uchun qayta ishlash usullaridan foydalaning. Tabiatni asrash — kelajakni asrashdir.
