Ekologlar va faollarning atrof-muhitni muhofaza qilishdagi hissasi e’tirof etildi
2026-06-09 09:50:00 / Yangiliklar

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirdi. Ko‘krak nishonlari bilan Qo‘mitaning mas’ul xodimlari, tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalar vakillari, hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ekoaktivistlar taqdirlandi.
Marosimni ochib bergan A.Abduhakimov keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Qo‘mita raisi o‘z nutqida bugungi kunda O‘zbekiston ekologik kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda xalqaro hamkorlikka alohida ahamiyat qaratayotganini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda mintaqaviy va xalqaro ekologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Xususan, 31-maydan 6-iyungacha Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning ekologik texnologiyalar, investitsiyalar va ilg‘or xalqaro tajriba almashinuvi uchun muhim maydon sifatidagi roli ortib borayotganini namoyon etdi.
A.Abduhakimov Butunjahon atrof-muhit kuni nafaqat bayram, balki har bir insonning kelajak avlodlar oldidagi katta mas’uliyati ekanini qayd etdi.
“Tabiatni himoya qilish faqat davlat organlari yoki alohida mutaxassislarning vazifasi emas. Bu har bir fuqaro uchun hayot tarziga aylanishi kerak bo‘lgan umuminsoniy qadriyatdir. Bugun atrof-muhitni qanchalik asrasak, kelajak avlodlarga shunchalik sog‘lom va farovon hayot qoldiramiz. Shu bois barchani ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishga, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga hamda mamlakatimizning “yashil” rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga munosib hissa qo‘shishga chaqiramiz”, — dedi Qo‘mita raisi.
Tadbir davomida “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan Ekologiya qo‘mitasi, uning tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalarining 62 nafar faol xodimi, shuningdek, hamkor tuzilmalar, ilmiy hamjamiyat, madaniyat, yoshlar va jamoat tashkilotlari vakillari taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida vazirlik va idoralar, Zamin xalqaro jamoat fondi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti, O‘zbekiston Yoshlar teatri, “Yosh ekologlar” harakati kengashi vakillari, shuningdek, ekofaollar va OAV vakillari bor.
Umuman olganda, joriy yilda respublika bo‘ylab atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni rivojlantirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surishga katta hissa qo‘shgan 169 nafar fuqaro “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
