5-iyun — Butunjahon atrof-muhit kuni
2026-06-05 13:30:00 / Yangiliklar
Ta'kidlash joizki, yer allaqachon biz bilan "gaplashmoqda" — harorat rekord darajaga chiqmoqda, o‘rmon yong‘inlari tobora kuchayib bormoqda, bo‘ronlar kuchaymoqda va muzliklar ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib bormoqda. O‘z navbatida yillar davomida global isishni 1,5°C darajasidan oshirmaslik iqlim o‘zgarishining eng og‘ir oqibatlaridan qochish uchun zarur ekani ta’kidlab kelinmoqda. Bugun esa bu chegara xavfli darajada yaqinlashib qoldi va har bir darajaning hatto kichik ulushi ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston iqlim muammolari dolzarb masala ekanligini chuqur anglagan holda bu borada bir qancha tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xususan, ayni damda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Global ekologik fonding (GEF) VIII Assambleyasida ham mazkur masala kun tartibidan o‘rin oldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Assambleya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik nutqida yurtimizda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Iqlim oʻzgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi tashkil etilayotganligi alohida ta'kidlandi. Qolaversa, atrof-muhit muhofazasiga doir bir qancha takliflar ilgari surildi.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, agar o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, keyingi o‘n yil ichida xavfsiz me’yorlardan yuqori darajadagi havo ifloslanishiga duch keladigan insonlar soni 50 foizga oshadi, suv ekotizimlariga tushayotgan plastik chiqindilar hajmi esa 2040-yilga borib deyarli uch baravar ko‘payadi. Bu dolzarb muammolarni hal qilish uchun kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Butunjahon atrof-muhit kuni BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) rahbarligida 1973-yildan buyon har yili 5-iyun kuni nishonlanadigan ekologik xabardorlikni oshirishga qaratilgan dunyodagi eng yirik global platformadir. Har yili dunyo bo‘ylab o‘n millionlab insonlar turli tadbirlar, tashabbuslar va aksiyalarda bevosita yoki onlayn tarzda ishtirok etib kelmoqda.
