O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining ekologik kun tartibidagi rolini kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi
2026-06-05 12:10:00 / Yangiliklar

Forumda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston uchun Fuqarolik jamiyati forumi shunchaki qo‘shimcha tadbir emas, balki global ekologik jarayonning muhim qismi ekanini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, zamonaviy ekologik muammolar — iqlim o‘zgarishi, yerlarning degradatsiyasi, suv resurslari tanqisligi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, atrof-muhit ifloslanishi va chang-to‘zon bo‘ronlari — bevosita aholi salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi, bandlik va hududlarning barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tadbirda fuqarolik jamiyatining mahalliy ekologik muammolarni aniqlash, ekologik xabardorlikni oshirish va joylarda amaliy yechimlarni amalga oshirishdagi muhim roli alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni izchil mustahkamlab, aholining ekologik axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib borayotgani ta’kidlandi.
2025-yil mart oyida O‘zbekistonning atrof-muhitga oid axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtiroki va ekologik masalalarda adolatga erishish bo‘yicha Orxus konvensiyasiga qo‘shilgani alohida e’tiborga molik ekani qayd etildi. Ushbu qadam ekologik boshqaruvda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Nutq davomida Aziz Abduhakimov Markaziy Osiyo mamlakatlari bugungi kunda nodavlat tashkilotlarning faol ishtirokida yangi mintaqaviy ekologik hamkorlik platformalarini shakllantirayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mintaqadagi ekologik NNTlar institutsional salohiyatni yanada kuchaytirish, ma’lumotlarga kirish imkoniyatini kengaytirish, moliyalashtirish va qaror qabul qilish mexanizmlarida ishtirok etish bo‘yicha qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashga muhtoj ekani qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston GEF-9 yangi moliyalashtirish davri doirasida fuqarolik jamiyati rolini kuchaytirish tarafdori ekanini bildirib, quyidagi yo‘nalishlarni taklif etdi: salohiyatni oshirish dasturlari, bevosita moliyalashtirish mexanizmlari, kichik grantlar, yoshlar va ayollar tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda tajriba almashish bo‘yicha mintaqaviy platformalar yaratish.
Amaliy tashabbuslar sifatida quyidagilar ilgari surildi:
– ekologik tadqiqotlar va monitoringda NNTlar ishtirokini kengaytirish;
– jamoatchilik ekologik monitoringi platformalarini rivojlantirish;
– ekotizimlarni tiklash, o‘rmonlashtirish, chiqindilarni boshqarish va suvni tejash sohalaridagi mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash;
– Markaziy Osiyo ekologik NNTlarining mintaqaviy tarmog‘ini yaratish;
– fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash.
Shuningdek, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati allaqachon iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasiga qarshi choralar ko‘rish va ekologik madaniyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotgani ta’kidlandi. Forum GEF-9 yangi moliyalashtirish davri uchun fuqarolik jamiyati taklif va tashabbuslarini ishlab chiqish, shuningdek, barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari va jamoat birlashmalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim maydon bo‘ldi.






