Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari faoliyati yanada takomillashtiriladi
2024-07-29 11:30:00 / Yangiliklar

Bu joriy yilning 23-iyulida qabul qilingan “Respublikada ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 105-sonli Prezident Farmonida belgilab qo‘yilgan.
Farmonga koʻra, ov qilish faqat ovchilik xoʻjaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xoʻjaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi. Shuningdek, ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun yer yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga quyidagi bosqichlarda ijara huquqi asosida ajratiladi:
1-bosqichda – 10 yil muddatga;
— investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga koʻra:
2-bosqichda – 10 yil muddatga;
3-bosqichda – 29 yil muddatga.
Bunda agar 2 yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror koʻpaytirish boʻyicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror koʻpaytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, elektron onlayn-auksion gʻolibi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xoʻjaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun biriktirib beriladi.
Joriy yilning 1-oktabridan boshlab yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun ov litsenziyasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining kvotalari asosida elektron platforma orqali beriladi. Bu kvota, o‘z navbatida Ekologiya vazirligi tomonidan hayvonot dunyosi davlat kadastri maʼlumotlari, yovvoyi hayvonlar va ovlangan yovvoyi hayvonlarning soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, respublika hududida faoliyat yuritayotgan oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, qoʻriqxonalar va pitomniklardan olingan yovvoyi hayvonlar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida tasdiqlanadi
Shu bilan birga, ov ruxsatnomalarini rasmiylashtirishning yangi tartibi belgilanib, buning uchun Ekologiya vazirligi huzuridagi Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti javobgar bo‘ladi. Unga ko‘ra, havaskorlar ruxsat olishdan oldin o‘quv kurslaridan o‘tishi kerak bo‘lib, bioxilma-xillikni saqlash, hayvonlar turlari va anatomiyasi, ov qilish qoidalari, ov odob-axloqi, ov qilish usullari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha saboq beriladi.
Ovchilik guvohnomasi 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tamomlagan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yuridik kuchga ega bo‘lgan shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 yil muddatga beriladi. Ovchilik guvohnomasi berilganligi haqidagi ma’lumotlar pasport yoki shaxsiy guvohnoma ma’lumotlariga kiritiladi.
Ovchilik guvohnomasini berish uchun yig'im ikki asosiy hisoblangan qiymatda, pensionerlar va ikkinchi guruh nogironlari uchun - bitta BHM (bazaviy hisoblash miqdrori) miqdorida belgilanadi.
Bundan tashqari, 1 sentabrdan boshlab yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish maydonlari, kichik safari bog‘lari va ov turizmini tashkil etgan ov xo‘jaliklari 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini 50 foizga pasaytirilgan stavkalarda, shuningdek, 1% soliq stavkasi bo'yicha savdo solig‘ini to‘laydi.
Belgilangan ov joylaridan foydalanganlik uchun undiriladigan yig‘imlar, shuningdek, ovchilik guvohnomasini berish va o‘quv kurslarini o‘tashdan olingan yig‘imlar Ekologiya vazirligi jamg‘armasiga yuboriladi. Shu bilan birga, yovvoyi hayvonlarni ovlashga ruxsat berishdan tushgan mablag‘ning 80 foizi yovvoyi hayvonlar va ixtiofauna obyektlarini ko‘paytirish, ro‘yxatga qo‘yish va muhofaza qilishga yo‘naltiriladi.

