“Yagona salomatlik” yondashuvini rivojlantirish doirasida “Nature4Health” loyihasi ishga tushirildi
2026-06-04 10:40:00 / Yangiliklar
“Insonlarda paydo bo‘layotgan yangi yuqumli kasalliklarning 70 foizdan ortig‘i zoonoz kelib chiqishga ega bo‘lib, ularning ko‘pchiligi yer resurslaridan foydalanishning o‘zgarishi natijasida ekotizimlar va yovvoyi tabiatga ortib borayotgan bosim bilan bog‘liq. Biz pandemiyalarning oldini olishga qaratilgan birlamchi profilaktikaga e’tibor qaratishimiz kerak. Bunga ekotizimlarni himoya qilish va tiklash, inson va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi xavfli aloqalarni kamaytirish hamda infeksiyalarning hayvonlardan insonga yuqishiga sabab bo‘luvchi ekologik omillarni bartaraf etish kiradi, — dedi IUCN bosh direktori doktor Gretel Agilar. — IUCNda biz tabiatga kiritilgan investitsiyalar jamoat salomatligi, pandemiyalarning oldini olish va barqaror rivojlanishga xizmat qilishiga ishonamiz. "Nature4Health" tashabbusi orqali O‘zbekiston tabiat va salomatlik kesishgan nuqtadagi integratsiyalashgan yondashuvlar qanday qilib yanada xavfsiz, sog‘lom va barqaror jamiyatni shakllantirishini ko‘rsatuvchi kuchli mintaqaviy namuna bo‘lishi mumkin”.
Tayyorgarlik bosqichi, asosan, Qoraqalpog‘iston hududiga qaratiladi. Ushbu mintaqa cho‘llanish, bioxilma-xillikning kamayishi va Orol dengizi inqirozining uzoq muddatli oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Bunday sharoitda ekologik zaiflik, yer resurslaridan foydalanishdagi o‘zgarishlar, yovvoyi hayvonlar yashash joylariga bosimning ortishi hamda insonlar, uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi aloqalar ekotizimlar, hayvonlar va inson salomatligini birlashtiruvchi profilaktik yondashuvlarning zarurligini ko‘rsatmoqda.
“O‘zbekiston cho‘llanish, bioxilma-xillikning kamayishi, iqlim o‘zgarishi oqibatidagi suv resurslari tanqisligi hamda inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi aloqalar hududining kengayishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlar uchun kasalliklarning ekologik sabablarini bartaraf etish tanlov emas, balki milliy xavfsizlik masalasidir, — dedi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov. — Keyingi pandemiyaning oldini olish faqat kasallik tarqalganidan keyin boshlanmasligi kerak. Bu jarayon oldindan — infeksiyalarning hayvonlardan insonga yuqish xavfini oshiruvchi ekologik omillarni bartaraf etishdan boshlanishi lozim. Sog‘lom ekotizimlar aholi salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va uzoq muddatli iqlim barqarorligining asosidir”.
IUCNning Markaziy Osiyo ofisi rahbarligida, O‘zbekistonning Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, tegishli davlat idoralari va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda tayyorgarlik bosqichi inklyuziv va maslahatlashuvlarga asoslangan yondashuv orqali amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida zoonoz kasalliklarning tarqalish xavf omillari tizimli ravishda o‘rganiladi va ekotizimlarga asoslangan kompleks profilaktika imkoniyatlari aniqlanadi. Yakunda "Implementation Project Document" hujjati ishlab chiqilib, unda pandemiyalar xavfini “Yagona salomatlik” yondashuvi va tizimli metodologiyalar orqali qanday kamaytirish mumkinligi belgilab beriladi.
Tashabbus O‘zbekistonning ekologik siyosati, tabiatni muhofaza qilish, ekotizimlarni tiklash va iqlim barqarorligi sohasidagi mintaqaviy yetakchiligini yanada mustahkamlash fonida amalga oshirilmoqda. Davlat organlari, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar, sog‘liqni saqlash va veterinariya sohasi vakillari, mahalliy hamkorlar hamda xalqaro tashkilotlarni birlashtirgan "Nature4Health" dasturining tayyorgarlik bosqichi O‘zbekistonda profilaktik, tabiatga yo‘naltirilgan va tarmoqlararo hamkorlikka asoslangan harakatlar uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ma’lumot uchun, "Nature for Health" — pandemiyalar va ular bilan bog‘liq salomatlikka xavflarining oldini olish maqsadida “Yagona salomatlik” yondashuvining ekologik jihatlarini kuchaytirishga qaratilgan xalqaro tashabbusdir. Loyiha Germaniya federal atrof-muhit, Tabiatni muhofaza qilish, Yadroviy xavfsizlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Mablag‘lar "Nature for Health" ko‘p tomonlama Trast fondi orqali ajratiladi, jamg‘arma esa BMTning Ko‘p tomonlama Trast fondi Ofisi tomonidan boshqariladi.
Tashabbus kotibiyati BMT Atrof-muhit dasturi huzurida, Nayrobi shahrida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, IUCNning Vyetnamdagi "Nature4Health" dasturining birinchi bosqichidagi tajribasi O‘zbekistondagi tayyorgarlik ishlari uchun muhim amaliy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. “1Health4Nature: Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilishda One Health” loyihasi esa ushbu yondashuvning mintaqadagi yuqori ahamiyatini namoyon etmoqda.
