O‘zbekiston "Eco Expo Central Asia 2026" doirasida xalqaro ekologik hamkorlikni mustahkamlamoqda
2026-06-03 09:45:00 / Yangiliklar

Muhim uchrashuvlardan biri Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar bilan bo‘lib o‘tdi. Tomonlar biologik xilma-xillikni asrash, tabiatga asoslangan yechimlarni (Nature-based Solutions) ilgari surish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishni takomillashtirish va ekoturizmni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha yangilangan Milliy strategiya va harakatlar rejasini (NBSAP) tayyorlash, Markaziy Osiyoning Mintaqaviy Qizil ro‘yxatini yaratish hamda mintaqadagi transchegaraviy muhofaza etiladigan hududlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni IUCNning Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bilan hamkorlikni faollashtirish va Global ekologik fondning yangi GEF-9 sikli doirasida qo‘shma loyihalar tayyorlashni taklif etdi. Shuningdek, "Green University"ni ekologik ta’lim va ilm-fan bo‘yicha mintaqaviy platforma sifatida rivojlantirish, jumladan, IUCN Ekologik huquq akademiyasi bilan hamkorlik qilish va xalqaro ta’lim amaliyotlarini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) Bosh direktori o‘rinbosari va Global hamkorlik hamda tashqi aloqalar direksiyasi boshqaruvchi direktori Fatu Haydar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “yashil” sanoatlashtirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish va sanoatni modernizatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda ekologik kun tartibi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini, Ekologiya vazirligining Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirilgani esa barqaror rivojlanish masalalariga yangicha institutsional yondashuvning ifodasi ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar davomida ko‘kalamzorlashtirish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, chiqindilarni boshqarish, havo sifatini yaxshilash va ekologik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha asosiy milliy tashabbuslar taqdim etildi. Shuningdek, UNIDO bilan eng yaxshi mavjud texnologiyalarni (BAT) joriy etish uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish, iqlim innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda "Global Cleantech Innovation Programme (GCIP)" doirasida startaplarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, iqlim tahlili, erta ogohlantirish tizimlari va moslashuv moliyalashtirishini rivojlantirishga qaratilgan “Climate Technology Innovation for Climate Resilience in Uzbekistan” loyihasini amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.
Yana bir muhim uchrashuv "National Geographic Society" tashkilotining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha direktori doktor Ian Miller bilan bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning tabiiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy tadqiqotlar, ekologik ma’rifat va hujjatli filmlar yaratish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni xalqaro ahamiyatga ega tabiiy hududlar, jumladan, UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan G‘arbiy Tyanshan va “Turonning sovuq qishki cho‘llari”, shuningdek, Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan suv-botqoq hududlari haqida ma’lumot berdi. Aziz Abduhakimov Orolbo‘yi mintaqasi, tog‘ va cho‘l ekotizimlariga qo‘shma ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, shuningdek, Markaziy Osiyoning tabiiy boyliklari haqidagi global xabardorlikni oshirishga qaratilgan hujjatli filmlar, fotoloyihalar va raqamli kontent yaratishni taklif qildi.
Ko‘rgazma doirasida Oman Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi prezidenti Abdulla bin Ali Al-Amri bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish, chiqindilar bilan ishlash va bioxilma-xillikni asrash sohalaridagi amaliy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston "Green University" huzuridagi Cho‘llanishga qarshi kurash va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish mintaqaviy tadqiqot markazi bazasida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar hamda qumlarni mustahkamlash texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borishni taklif etdi.
Bundan tashqari, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish tajribasi almashinuvi, ta’lim dasturlarini tashkil etish va ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish tashabbuslari ham ko‘rib chiqildi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekistonning ekologik diplomatiya, barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot va iqlim kun tartibi sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantiruvchi mintaqaviy markaz sifatidagi roli tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.




