O‘zbekiston Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha to‘rtinchi sharhni taqdim etdi
2026-06-02 17:00:00 / Yangiliklar

To‘rtinchi sharh 2025-yil noyabr oyida UNECEning Ekologik siyosat qo‘mitasi tomonidan rasman tasdiqlangan bo‘lib, O‘zbekistonning ekologik islohotlar, iqlim siyosati va barqaror rivojlanish sohalaridagi yutuqlarini aks ettiruvchi muhim xalqaro hujjat hisoblanadi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov mamlakatda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning izchilligini hamda “yashil” transformatsiyani ilgari surishda xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.
Tadbirda, shuningdek, UNECE Atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi direktori Paola Deda, Germaniya, Italiya va Shveysariya hukumatlari vakillari hamda sharhni tayyorlashda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar ma’ruza qildilar.
To‘rtinchi sharhning asosiy xulosalari taqdimoti davomida O‘zbekistonda ekologik siyosat va islohotlar samaradorligini baholash natijalari e’lon qilindi. Unda mamlakatning ekologik boshqaruv tizimini rivojlantirish borasidagi sezilarli yutuqlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilgani, ekologik monitoring tizimlari rivojlantirilgani, “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilayotgani, qayta tiklanuvchi energetika loyihalarining ilgari surilayotgani hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarning kuchaytirilgani e’tirof etildi.
Sharh natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha uchinchi sharh doirasida berilgan tavsiyalarning 77 foizini to‘liq yoki qisman amalga oshirgan yoxud ularni bajarish jarayonida. Yangi sharh 45 ta tavsiyani o‘z ichiga oladi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi 12 maqsad bo‘yicha 41 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi.
Tadbir davomida mamlakat ekologik siyosatining kelgusi ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, iqlim bo‘yicha harakatlarni kuchaytirish, tabiatga asoslangan yechimlarni joriy etish, ekologik boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda 2026–2030-yillarda sharh tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning Ekologik faoliyat samaradorligi bo‘yicha to‘rtinchi sharhini topshirishning ramziy marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilikning ekologik masalalardan xabardorligini oshirish va mintaqada ekologik barqarorlikni birgalikda ilgari surish muhimligini ta’kidladilar.
Mazkur sayd-ivent O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi yutuqlarini namoyish etish, shuningdek, milliy ekologik va iqlim kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.



