Samarqandda "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasi boshlandi
2026-06-02 13:05:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazmaning rasmiy ochilishi lenta qirqish marosimi bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida "Eco Expo Central Asia" amaliy hamkorliklarni shakllantirish, investitsiyaviy jozibador ekologik loyihalarni ishlab chiqish, yangi qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish va uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali platformaga aylanishi lozimligini ta’kidladi.
“Ushbu ko‘rgazma Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyati o‘rtasida innovatsiyalar, investitsiyalar, bilim va aniq yechimlarni birlashtiruvchi “yashil” texnologik ko‘prikni yaratish yo‘lidagi muhim katalizatorga aylansin”, — dedi A. Abduhakimov.
Shuningdek, forumning asosiy g‘oyasi iqtisodiyotni eng ilg‘or “yashil” texnologiyalarni joriy etish orqali rivojlantirish va ayni paytda atrof-muhitni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashdan iborat ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov Samarqandni Markaziy Osiyoning “yashil” investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi. U shaharning ekologik diplomatiya, “yashil” moliyalashtirish va barqaror texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha xalqaro maydon sifatidagi roli tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
"Eco Expo Central Asia" ko‘rgazmasi “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, ekologik texnologiyalarni joriy etish va barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Ta’kidlash joizki, 2025-yilda Toshkentda o‘tkazilgan "Eco Expo Central Asia 2025" Markaziy Osiyodagi ilk shunday yirik ekologik ko‘rgazma bo‘lib, qariyb 7,5 ming ishtirokchini birlashtirgan hamda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda 130 dan ortiq ekologik loyihalarni ishga tushirish maydoniga aylangan edi.
2026-yilda ko‘rgazma yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Unda 10 mingga yaqin mahalliy va xorijiy ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarni namoyish etuvchi 68 dan ortiq pavilyon, shuningdek, Markaziy Osiyo ekoinnovatorlari uchun 20 ta startap maydoni tashkil etilgan.
"Eco Expo Central Asia 2026" doirasida “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq sayd-ivent, forum va taqdimotlar o‘tkazilmoqda.








