Samarqandda Global Ekologik Fondning (GEF) VIII Assambleyasiga start berildi
2026-05-31 17:45:00 / Yangiliklar

Mazkur marosim dunyoning turli mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va ekologiya sohasidagi ekspertlarni birlashtirgan eng yirik xalqaro ekologik tadbirlardan birining boshlanishi ramzi bo‘ldi.
Rasmiy qismdan so‘ng GEF Kotibiyati va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, Ekologiya milliy qo‘mitasi xodimlari uchun GEF Kotibiyatida amaliyot o‘tash va kasbiy tajriba almashish imkoniyatlarini yaratishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida tomonlar iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikni saqlash, yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurash, kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro va milliy ekologik tuzilmalar o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.
GEF VIII Assambleyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning global ekologik kun tartibini ilgari surish va barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.



