“Ona zamin” spektakli premyerasiga taklif etamiz!
2026-05-21 22:00:00 / Yangiliklar
Asarning bosh g‘oyasi — yosh avlodning ekologik ongini yuksaltirish, eko-madaniyati va mas'uliyatini oshirishdir. Spektaklda insoniyat faoliyati tabiatga salbiy ta'sir ko‘rsatishi va o‘z navbatida har bir insonda tabiatga mehr va uni asrash tuyg‘usi uyg‘onsa, bu ekologik inqirozning oldini olishi mumkinligi sahna orqali ta’sirchan ifodalanadi.
Spektakl raqs, monolog, qo‘shiq va turli sahna epizodlari orqali yosh tomoshabinlarni tabiatni asrash, uning qadriga yetish va ekologik mas’uliyat haqida chuqur mushohada yuritishga chorlaydi. Sahna asarida zamonaviy, vizual yechimlardan keng foydalaniladi. Tutun effektlari hamda real tabiat ovozlari yordamida tomoshabin virtual olamga sho‘ng‘iydi va voqealar markaziga tushib qoladi.
Shuningdek, maxsus effektlar orqali tabiatning ifloslangan va qayta tiklangan holati aks ettiriladi. Aktyorlar zamonaviy xoreografiya elementlari yordamida sanoat rivoji, chiqindixonalar, daraxtlar kesilishi, suvning ifloslanishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi nobud bo‘lishining salbiy oqibatlarini sahna harakatlari orqali namoyon etadilar.
Barchangizni premyeraga taklif etamiz! Kirish bepul.
Manzil: O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri
Sana: 22-may, soat 12:00
