Orolbo‘yida noyob cho‘l qushlari turi tiklanmoqda
2026-05-20 16:55:00 / Yangiliklar
Orol inqirozi Qoraqalpog‘iston ekotizimini tubdan o‘zgartirdi. Bundan eng ko‘p hudud faunasi zarar ko‘rdi. Yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan turlar orasida yo‘rg‘a tuvaloq ham bor. Ushbu qush Markaziy Osiyo cho‘l va dasht landshaftlarining noyob ramzi hisoblanadi.

Bugungi kunda tuvaloq populyatsiyasini tiklash mintaqadagi muhim ekologik vazifalardan biri sanaladi. Joriy yilning 14-may kuni Qoraqalpog‘iston hududida 893 bosh yo‘rg‘a tuvaloq tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborildi. Ushbu qushlar BAA va Qozog‘istondagi ixtisoslashtirilgan pitomniklardan olib kelindi.
Qushlarni tabiatga qo‘yib yuborish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mutaxassislari nazorati ostida, xalqaro ekspertlar hamda “Falcon Hunting Solutions” MChJ kompaniyasi vakillari ishtirokida amalga oshirildi.


