O‘zbekiston AQSHda o‘rmonlarni tiklash bo’yicha tashabbuslarini taqdim etdi
2026-05-16 17:20:00 / Yangiliklar

Forum ishida BMTga a’zo davlatlar delegatsiyalari, vazirlar, sohaga oid agentliklar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, ekologik konvensiyalarning ijrochi direktorlari qatnashdi. Tadbir davomida global o‘rmon siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, BMTning O‘rmonlar bo‘yicha strategik rejasini amalga oshirish, “Global o‘rmonlar hisoboti – 2026”ni tayyorlash, shu bilan birga, o‘rmon sektorini iqlim va suv kun tartibiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov cho‘llanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda o‘rmonlarning muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, Orol dengizi fojiasiga alohida to‘xtaldi. Unga ko‘ra, dengizning qurigan hududi Orolqum cho‘liga aylangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida so‘nggi besh yil davomida mamlakatda 1 milliarddan ortiq daraxt ekilgani, ko‘kalamzorlashtirish darajasi esa 8 foizdan 14 foizga oshgani qayd etildi. Mazkur ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Forumda O‘zbekiston va Kongo Respublikasi tomonidan ilgari surilgan 2027–2036-yillarni BMT shafeligida “O‘rmon barpo etish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliy chora-tadbirlar sifatida o‘rmon barpo etish bo‘yicha Global yo‘l xaritasini ishlab chiqish, cho‘llanishga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va o‘simlik turlarini targ‘ib qilish, shuningdek, chang va qum bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish tizimlarini yaratish taklif etildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarining 2035-yilgacha 1,5 million gektar maydonda transchegaraviy o‘rmonlar barpo etishni nazarda tutuvchi “Yashil qalqon” mintaqaviy tashabbusi ham taqdim etildi.
Forum doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda maxsus sayd-ivent ham tashkil etildi. Tadbir o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligini ta’minlash va iqlim barqarorligini oshirish uchun tabiatga asoslangan yechimlarni ilgari surishga bag‘ishlandi.
Sаyd-ivent davomida xalqaro hamkorlarga O‘zbekistonda ko‘kalamzorlashtirish, o‘rmon melioratsiyasi va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari taqdim etildi. Xususan, “Yashil makon” loyihasining keng ko‘lamda amalga oshirilishi, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etilishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon”, “Biomeros”, “Toza havo”, “Chiqindidan xoli hudud” va “Ekologik madaniyat” milliy dasturlari degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish, shaharlarda ko‘kalamzorlashtirishni rivojlantirish, bioxilma-xillikni asrash hamda mamlakatning iqlim barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.



