Shavkat Mirziyoyev 2027-yilni TDT doirasida “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi
2026-05-15 18:50:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ekologik masalalarga alohida e’tibor qaratib, ekologik muammolar va iqlim oʻzgarishi davlatlardan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishni talab etayotganligini ta’kidladi.
“Bu kabi muammolarga samarali yechim topish uchun sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari asosida Turkiy davlatlar tashkiloti iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish muhim. Bunda qurgʻoqchilikni barvaqt aniqlash, tuproqning yemirilishi va muzliklarning erishi bilan bogʻliq holatni doimiy kuzatib borish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasiga sunʼiy intellektni joriy etishga eʼtibor qaratish lozim”, — dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetiga (“Green University”) ham to‘xtalib, universitetda turkiy davlatlar yoshlari uchun 2026-2027-oʻquv yillarida 50 ta grant ajratilganligiga e’tibor qaratdi. Qolaversa, ekologiya masalalariga eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida TDT doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi.
Prezident sammit ishtirokchilarini joriy yilda Samarqandda oʻtadigan Global ekologik jamgʻarma assambleyasi va Suvni tejash boʻyicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqirdi.
