Eco Expo Central Asia 2026, GEF VIII Assambleyasi, "Green University": Ekologiya milliy qo‘mitasining matbuot anjumani o‘tkazildi
2026-05-14 19:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Abduxoliqov, qo‘mita departament rahbari Bahrom Xolxo‘jayev, "Green University" rektori, professor Baxtiyor Pulatov, qo‘mita va tizim tashkilotlari xodimlari, hududiy boshqarmalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston yana muhim xalqaro ekologik tadbirlar o‘tkaziladigan maydonga aylanayotganini ta’kidladi. Ushbu tadbirlar doirasida atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashgan ekologik universitet — "Green University" hamda uning huzurida tashkil etilayotgan “yashil” texnikumlar faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Ushbu texnikumlarda ekologiya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi, bu esa nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Javohir Abduxoliqov Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi haqida ma’lumot berdi. Assambleya doirasida yuqori darajadagi 9 ta davra suhbati, 50 dan ortiq sayd-iventlar o‘tkazilishi, qator xalqaro tashabbuslar e’lon qilinishi va yangi ekologik loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Assambleya yakunlari bo‘yicha “yashil” loyihalarga grant va investitsiyalar jalb etilishi, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaytirilishi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi, Orolbo‘yi ekotizimini tiklash dasturlari ilgari surilishi, bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklanuvchi energetika va barqaror qishloq xo‘jaligi loyihalari rivojlantirilishi, shuningdek, qo‘shma transchegaraviy tashabbuslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbir xorijiy delegatsiyalar va ekspertlar oqimini oshirish, biznes turizmini rivojlantirish hamda xizmat ko‘rsatish va logistika sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bahrom Xolxo‘jayev "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ekologik ko‘rgazmasiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tadbir dunyoning 100 dan ortiq davlatidan vakillar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilar, ekoinnovatorlar, davlat organlari va ekspertlar hamjamiyatini birlashtiradi. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 dan ortiq pavilyon tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda "Business Congress Management" (BCM) kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan ko‘rgazmada Global yashil o‘sish instituti (GGGI), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar ishtirok etadi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonining "Vision Invest", Fransiyaning SUEZ, Xitoyning "Cevia Environment", Yaponiyaning KOMOTO, Finlyandiyaning EPSOY, Rossiyaning "Siberian Wellness", BAAning "Bell Energy" va Hindistonning "Oizom Instruments" kompaniyalari o‘z korporativ pavilyonlarini taqdim etadi. Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, AKFA, Jizzax akkumulyator zavodi va “O‘zkimyosanoat” AJ kabi yirik mahalliy korxonalar ham ishtirok etadi.
Ekoinnovatorlarning innovatsion ishlanmalarini namoyish etish maqsadida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining startap loyihalari uchun qo‘shimcha 20 ta pavilyon tashkil etiladi. Bundan tashqari, mamlakatning barcha hududlari iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan aniq loyiha takliflarini tayyorlagan. Ushbu tashabbuslar xalqaro donorlar va investorlarga taqdim etiladi. Ko‘rgazma doirasida “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish, iqlimga moslashuv va barqaror rivojlanishga bag‘ishlangan sayd-iventlar, tematik forumlar, taqdimotlar va muloqot maydonchalari tashkil etiladi.
Shuningdek, Toshkentdagi "High Town City Mall"da 29–31-may kunlari bo‘lib o‘tadigan "Cat X" xalqaro mushuklar ko‘rgazmasi haqida ham ma’lumot berildi. "Cat X" — O‘zbekistondagi hayvonlarga mas’uliyatli munosabatni targ‘ib qilish, boshpanalarni qo‘llab-quvvatlash va felinologiyani (mushuklarni o‘rganuvchi fan) rivojlantirishga qaratilgan yagona professional mushuklar ko‘rgazmasidir. U O‘zbekistonda 7-marotaba o‘tkazilmoqda va bu yil ilk bor Germaniyaning "World Cat Federation" tashkiloti homiyligida xalqaro maqomda tashkil etiladi. 2025-yilda tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Moldova va boshqa davlatlardan 80 ta jonivor ishtirok etgan bo‘lsa, tashrif buyuruvchilar soni 7000 nafarga yetgan. Bu yil Germaniya, Xitoy, Vengriya, Latviya, Xorvatiya, Tailand, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Belarus va Ukrainadan ekspertlar hamda mehmonlar kelishi kutilmoqda. Tashrif buyuruvchilar soni 12 ming nafardan oshishi prognoz qilinmoqda.
"Green University" rektori Baxtiyor Pulatov o‘z nutqida universitet va uning negizida respublikaning barcha hududlarida tashkil etilayotgan “yashil” texnikumlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, universitetdagi ta’lim sifati ESG Yevropa standartlariga mos bo‘lib, dunyo darajasidagi raqobatbardosh va ijtimoiy mas’uliyatli ekolog mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan. Hozirda oliygohda barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot, ekologik huquq, sirkulyar iqtisodiyot, barqaror moliya, ekologik fanlar va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat hamda magistratura dasturlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi PQ–110-son qaroriga muvofiq, “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida "Green University" huzurida 14 ta “yashil” texnikum tashkil etiladi. Mazkur qaror asosida uzluksiz ta’limning integratsiyalashgan modeli joriy etilib, universitetda o‘qitiladigan maxsus fanlar “yashil” texnikumlarning ikkinchi kurs o‘quv dasturlariga kiritiladi. Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan va ingliz tilini kamida B2 darajasida biladigan bitiruvchilar o‘z akademik ko‘rsatkichlari (GPA) asosida "Green University" bakalavriat dasturlarining ikkinchi bosqichidan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Baxtiyor Pulatov, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida “yashil” texnikumlar tashkil etilishi mahalliy iqlim va ekologik xususiyatlarni yaxshi biladigan, o‘z hududi bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlash imkonini berishini ta’kidladi.
Matbuot anjumani davomida mutaxassislar ommaviy axborot vositalari vakillarining barcha savollariga batafsil javob berishdi.









