O‘zbekistonda sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali klaster tashkil etiladi
2026-05-13 16:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida mazkur qo‘shma loyiha davlat rahbariga taqdim etilgani, u tomonidan ijobiy baholanib, qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, ushbu baho tayyorgarlik bosqichlarini jadallashtirish va tashabbusni amalga oshirishga o‘tish uchun qo‘shimcha turtki beradi.
Ma’lumot uchun, "Vision Invest" — davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshiruvchi Saudiyaning yetakchi investitsiya va infratuzilma kompaniyasi hisoblanadi. SUEZ esa suv ta’minoti, oqova suvlarni tozalash va chiqindilarni qayta ishlash sohasida jahon yetakchisi bo‘lib, 160 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega. Ushbu kompaniyalar davlat organlari va xalqaro hamkorlar bilan strategik hamkorlik orqali mintaqada yangi avlod infratuzilmasini rivojlantirish hamda barqaror va ekologik yo‘naltirilgan iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Muzokaralar davomida loyihani amalga oshirishning asosiy bosqichlari muhokama qilindi. Jumladan, dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash ishlarini yakunlash, chiqindilarni resursga aylantirishga qaratilgan texnologik yechimlarni tanlash, shuningdek, sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali klaster qurilishi uchun maydon tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, texnik mutaxassislarni jalb qilish va amaliy ishlarga tezkor o‘tish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, 2026-yil 2–4-iyun kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida investitsiya kelishuvini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, loyihaning qurilish bosqichiga o‘tish va joriy yil iyun oyidan qurilish ishlarini boshlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi homiyligida amalga oshiriladigan mazkur loyiha O‘zbekistonda sanoat chiqindilarini boshqarishning zamonaviy tizimini shakllantirishda muhim qadam bo‘lib, "Vision Invest"ning investitsiya imkoniyatlari hamda SUEZ’ning texnologik tajribasini birlashtiradi.


