Green University huzurida har bir hududda yashil texnikumlar ish boshlaydi
2026-05-12 19:00:00 / Yangiliklar

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 110-son qaroriga ko‘ra, 2026–2027-yillarda respublikaning 14 hududida bittadan texnikum “yashil” texnikumlarga aylantiriladi. Bu texnikumlarda 2026/2027-o‘quv yilida 5 000 nafar, 2027/2028-o‘quv yilida 7 000 nafar hamda 2028/2029-o‘quv yilida 10 000 nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan.
“Yashil” texnikumlar — bu shunchaki ta’lim muassasasi emas, balki mamlakatimizda ekologik madaniyat, yashil iqtisodiyot va iqlim barqarorligini ta’minlaydigan yangi avlod kadrlarini tayyorlash tizimidir, — dedi yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. — Avvalo, texnikumlarda o‘quv dasturlarini qaytadan ishlab chiqib, xalqaro standartlarga moslashtirish lozim”.
Yig‘ilish davomida texnikumlarda zamonaviy texnik va sohaga oid ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim masalalarga e’tibor qaratildi. Texnikumlarda kadrlar tayyorlashda har bir hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlari hisobga olinishi, bu respublika miqyosida sohaga ixtisoslashgan, o‘z hududining ekologik jihatlarini chuqur o‘zlashtirgan kadrlar yetishib chiqishini ta’minlashi qayd etildi.
Shuningdek, Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridagi “yashil” texnikumlarda “in-vitro” laboratoriyalarini tashkil etish, dual ta’lim tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyo va boshqa xorij davlatlari o‘quvchilari uchun kvotalar ajratish, “yashil” texnikum o‘quvchilari uchun o‘zlariga tegishli bino va inshootlarda, hududlarda amaliyot uchastkalarini shakllantirish, sohaviy malaka oshirishlarni tashkil etish tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqa muhim masalalar borasida muhim vazifalar belgilab berildi.
Ma’lumot uchun, universitetning birinchi bosqichida o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari “yashil” texnikumlarning ikkinchi bosqich o‘quv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi, texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga universitet tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.
Qolaversa, “Green University” va “yashil” texnikumlarda tahsil oluvchilar uchun o‘rmon xo‘jaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindi poligonlari, botanika va dendrologiya bog‘lari, zooparklar, Botanika va Zoologiya institutlarida amaliyot uchastkalari tashkil etiladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “Eko-stipendiya” ta’sis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchilarga stipendiya to‘lanadi.









