Green University”ga yangi prorektor tayinlandi!
2026-05-08 16:30:00 / Yangiliklar

“Green University”dagi tadbirda Ekologiya qo’mitasi raisi Aziz Abduhakimov professorni barchaga tanishtirib, Tunsyan Szou atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida katta tajriba ega ekanligini ta’kidladi. Professor Szou Xitoyning eng ko‘p iqtibos keltiriladigan tadqiqotchilaridan biri bo’lib, Nankin universitetini tamomlagan hamda geografiya va boshqaruv yo‘nalishi bo‘yicha PhD ilmiy darajasiga ega. Olimning ilmiy qiziqishlari turizm, tabiiy resurslar, ekologiya, madaniy meros va barqaror rivojlanish masalalarini qamrab oladi.
Tunsyan Szou o‘z nutqida "Green University"ni amaliy ekologik tadqiqotlar, innovatsiyalar va xalqaro akademik hamkorlik bo‘yicha mintaqadagi yetakchi platformaga aylantirish muhimligini qayd etdi. U “yashil” ko‘nikmalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassislarga talab ortib borayotganiga e’tibor qaratib, ilm-fan, siyosat va sanoat o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash zarurligini alohida aytib o’tdi.
Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, "yashil" texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish hamda Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologik muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan strategik ustuvor yo‘nalishlarga e'tibor qaratdi.
Tunsyan Szou bugunga qadar Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti yordamchisi, Xitoy madaniyat va turizm akademiyasi dekani, shuningdek, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti prorektori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Professor Xitoyning “Milliy yetakchi mutaxassisi” sifatida e’tirof etilgan hamda XXR Davlat kengashining maxsus davlat stipendiyasi sohibi hisoblanadi. U YUNESKO, Xitoy Milliy ijtimoiy fanlar jamg‘armasi va Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi ko‘magida yirik xalqaro loyihalarga rahbarlik qilgan. Shuningdek, “Tabiat himoyachisi” va “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.





