Oʻzbekiston Samarqanddagi OTB sessiyasida ekologik tashabbuslarni taqdim etdi
2026-05-08 10:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari bo‘yicha maslahat guruhi (CGIAR), Iqlim investitsiya fondlari (CIF), OTB hamda xalqaro investitsiya hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov so‘zga chiqdi.
Muhokamalar davomida tabiiy hududlarning ekotizimiy o‘zaro bog‘liqligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, barqaror qishloq xo‘jaligi va bioxilma-xillikni saqlash tamoyillariga asoslangan kompleks landshaft yondashuvini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi ta’sirining kuchayishi, yerlarning degradatsiyasi va suv resurslarining qisqarishi sharoitida ekologik omillarni hisobga olmasdan, tabiiy muvozanatni saqlamasdan va degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklamasdan turib oziq-ovqat hamda suv xavfsizligini ta’minlash mumkin emasligi qayd etildi.
Oʻzbekiston tomoni ekologik barqarorlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan beshta umumxalq ekologik loyihani taqdim etdi. Jumladan, 1 milliard daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni nazarda tutuvchi “Yashil makon” umummilliy loyihasi, chiqindilarni kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” tashabbusi, chiqindilar bilan ishlash tizimini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan “Chiqindisiz hudud” loyihasi,
bioxilma-xillikni saqlash va Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklashga qaratilgan “Biomeros” dasturi va ekologik madaniyatni shakllantirish hamda aholining ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan “Ekologik madaniyat va ekologik ta’lim” loyihasi.
Sessiya doirasida ishtirokchilar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, transchegaraviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, ilmiy ma’lumotlar almashinuvi va tabiiy resurslarni monitoring qilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalarini ham muhokama qildilar. Ekotizimlarni tiklash, suv balansini saqlash, tabiiy landshaftlarni himoya qilish hamda ekologiya, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘rtasida barqaror hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarning muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida tomonlar iqlim barqarorligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekotizimlarni tiklash va xalqaro moliyaviy institutlar hamda iqlim fondlari ko‘magida qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirdilar.



