Sayg‘oqlar — tabiiy muvozanatni tartibga soluvchi muhim zanjirdir
2026-05-05 10:50:00 / Yangiliklar

Sayg‘oq uzoq yillik tarixga ega: 50–70 ming yil avval paydo bo‘lgan, mamontlar davridan hozirgi kungacha yetib kelgan. Bugungi kunda esa yo‘qolib ketish xavfi ostida hisoblanadi. Sayg‘oq O‘zbekiston Qizil kitobi, TMXI Qizil ro‘yxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan bo‘lib, uni asrab qolishga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Qozog‘iston Respublikasi bilan sayg‘oqni saqlab qolish, tiklash va barqaror foydalanish bo‘yicha anglashuv Memorandumi hamda sayg‘oqlarni saqlab qolish bo‘yicha Hukumatlararo bitim imzolagan.
Bundan tashqari, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvon va o‘simlik turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi tomonlarining 20-konferensiyasida (CITES CoP20) Markaziy Osiyo cho'l ekotizimlarining asosiy turlaridan biri bo‘lgan sayg‘oq populyatsiyasini saqlash va barqaror boshqarishga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, Braziliyada o‘tkazilgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyaning 15-Konferensiyasida (CMS COP15) O‘zbekiston tomonidan ko‘chib yuruvchi turlar, jumladan, sayg‘oqlarni muhofaza qilish milliy va transchegaraviy darajada muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qilishi qayd etildi. Qolaversa, Ostona shahrida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammitda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan 5 ta umummilliy loyiha amalga oshirilayotganligi, shulardan "Biomeros" umummilliy loyihasida sayg‘oqlarni ko‘paytirish uchun maxsus pitomniklar yaratish ko‘zda tutilganligiga ta'kidlab o‘tildi. Sammitda bioxilma-xillikni asrash va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasida hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy deklaratsiya imzolandi. Ushbu hujjat noyob hayvonlar bilan bir qatorda sayg‘oqlarni asrashni ham ko‘zda tutadi.
Ta'kidlash joizki, Global ekologik fond O‘zbekiston haqida alohida maqola chop etdi. Unda yurtimizdagi bioxilma-xillikka alohida to‘xtalib o‘tilgan va O‘zbekiston qor qoploni, Buxoro bug‘usi, sayg‘oq va morxo‘r kabi noyob turlarga boyligi, mamlakatdagi 30 dan ortiq qo‘riqlanadigan hududlar esa ushbu boyliklarni asrashga xizmat qilishi qayd etilgan.
Sayg‘oqlar dasht ekotizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lib, bioxilma-xillikni saqlashda katta rol o‘ynaydi. Ular o‘simliklarni tanlab iste’mol qilgani uchun o‘t qoplamining tabiiy muvozanatini tartibga soladi, ayrim o‘simlik turlarining haddan tashqari ko‘payib ketishining oldini oladi. Ko‘chib yurishi orqali urug‘larning tarqalishiga yordam beradi va tuproqning tiklanish jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, sayg‘oqlar yirtqich hayvonlar uchun ozuqa zanjirining muhim qismi hisoblanadi. Shu sababli ularning kamayishi butun dasht ekotizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.



