O‘zbekiston “RES 2026 EXPO” doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 5 sovrindan 3 tasini qo‘lga kiritdi
2026-04-29 17:40:00 / Yangiliklar

Tanlov finaliga Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikistondan 15 jamoa chiqdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 4 jamoa sovrindor bo‘lib, har biri 3 million tengedan mukofot oldi. G‘oliblar orasida O‘zbekistondan uchta startap — «Defuse-IT», «Sirly» va «Organic Living», shuningdek, Qirg‘iz Respublikasidan «Water Watch AI Plus» loyihasi bor. Gran-pri va 5 million tengelik pul mukofoti esa Qozog‘istonning «Aua Line» eko-loyihasiga topshirildi.
O‘zbekistonlik loyihachilar suv resurslarini boshqarishdan tortib chiqindilarni kamaytirish va aylana iqtisodiyot tamoyillarini joriy etishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli yechimlarni namoyish etdi. Jumladan, E’zozbek Ozodov tomonidan ishlab chiqilgan «Defuse-IT» loyihasi suvni tozalash va monitoring qilishga mo‘ljallangan intellektual mobil tizim hisoblanadi. Ushbu yechim zamonaviy sensorlar, sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruvga asoslangan. Tizim real vaqt rejimida suvning fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlarini tahlil qilish, ifloslanish darajasini aniqlash va filtrlash jarayonini avtomatik tartibga solish imkonini beradi. Texnologiya suv resurslari tanqis bo‘lgan hududlarda, qishloq xo‘jaligida hamda favqulodda vaziyatlarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, energiya tejamkorligi, mobililigi va xorijiy analoglarga nisbatan arzonligi bilan ajralib turadi.
Hojiakbar Nosirov tomonidan ishlab chiqilgan «Sirly» loyihasi oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va mas’uliyatli iste’mol madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. Raqamli platforma umumiy ovqatlanish korxonalariga kun yakunida sotilmay qolgan, ammo sifatli mahsulotlarni “Surprise Bag” formatida arzon narxda sotish imkonini beradi. Bu esa organik chiqindilar hajmini kamaytirish, metan chiqindilarini qisqartirish hamda aholida ekologik ongni shakllantirishga xizmat qiladi.
Uchinchi tashabbus — Oydin Po‘latova tomonidan ishlab chiqilgan «Organic Living» loyihasi maishiy tozalash vositalari uchun qayta to‘ldirish (refill) tizimini joriy etishni taklif etadi. Loyiha ko‘p martalik yechimlar va maxsus tabletkalar yordamida tozalash vositalarini tayyorlash orqali plastik qadoqlardan foydalanishni minimallashtirishga qaratilgan. Shu tariqa, startap plastik chiqindilarni kamaytirish va aylana iqtisodiyot tamoyillarini ilgari surishga hissa qo‘shadi.
“ECO Startup Competition Central Asia” tanlovi innovatsion ekologik yechimlarni ilgari surish va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘ldi. O‘zbekiston jamoalarining ishtiroki va muvaffaqiyati mamlakatning “yashil” texnologiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi yuqori salohiyatini tasdiqlaydi.









