Xivada yangi yashil bog’ barpo etilmoqda
2026-04-29 16:25:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun, bog’ Zamin fondi, Ekologiya va iqlim o’zgarishi milliy qo’mitasi, O’rmon agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida barpo etilmoqda. Yaqin-yaqingacha bo‘sh turgan qariyb 8 gektarlik maydonga hududning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib tanlangan 3 ming tupdan ortiq daraxt va o‘simlik ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.
Ko’chatlar orasida go‘zal katalpa, oq tut, oddiy qayrag‘och, oq akatsiya, dala zarangi, shumtol, sharq tuyasi hamda boshqa manzarali daraxt turlari mavjud. Shuningdek, hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2000 donadan ortiq turli xil manzarali butalar ekilishi rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar loyiha hududida keng ko‘lamli yashillashtirish ishlari olib borilayotganligini ko‘rsatadi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida hududning ekologik holati yaxshilanadi, atmosfera havosi sifati oshadi hamda shahar hududida qulay mikroiqlim shakllanishiga erishiladi. Shuningdek, loyiha aholi, ayniqsa yoshlar uchun zamonaviy dam olish hududi yaratishga xizmat qiladi.
“Yoshlar eko bog‘i” hududida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari Xiva shahrining ekologik barqarorligini ta’minlash, yashil hududlar maydonini kengaytirish hamda hududning estetik va landshaft ko‘rinishini yaxshilashga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha natijasida Xiva shahri hududida zamonaviy ekologik talablar asosida tashkil etilgan yashil hudud barpo etilib, aholining sog‘lom va qulay yashash muhiti yaratishga muhim hissa qo‘shadi.
Yangi bog‘ nafaqat shaharga ko‘rk bag‘ishlaydi, balki hududning ekologik holatini yaxshilashga muhim hissa qo‘shib, aholi uchun so‘lim dam olish va muloqot maskaniga aylanadi.






