Moliyaviy intizomni mustahkamlashda zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi
2026-04-28 21:00:00 / Yangiliklar

Seminarda Ekologiya qo‘mitasi, shuningdek, qo‘mita tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari, bosh hisobchilari, iqtisodchilari, xaridlar, komplaens va ichki audit xizmati mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, 2026-yil 1-apreldan vazirlik va idoralarda Hisob palatasining vakili sifatida bosh inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Farmonga muvofiq, bosh inspektorning asosiy vazifalari budjet qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish va ularning profilaktikasi, mablag‘lardan foydalanishda xavflarni baholash va samaradorlikni tahlil qilish, shuningdek, davlat xaridlari jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy xatarlarni o‘rganishdan iborat.
Hisob palatasi tomonidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida o'tkazilgan o‘quv-seminar mazkur vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Ushbu seminarda soha mutaxassislari tomonidan budjet mablag‘laridan foydalanishda zamonaviy yondashuvlar, moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda ichki nazorat tizimlarini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan batafsil ma’ruzalar qilindi. Xususan, Hisob palatasi vakillari tomonidan davlat moliyaviy nazorati tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bosh inspektorning amaliy ahamiyati hamda budjet qonunchiligi buzilishlarining oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, davlat xaridlari jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan amaliyotda uchrayotgan muammolar, xususan, moliyaviy hisobotlarni yuritish, budjet mablag‘larini rejalashtirish va samarali taqsimlash, davlat xaridlarida qonunchilik talablariga rioya etish bilan bog‘liq savollar muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan har bir masala yuzasidan aniq tavsiyalar va tushuntirishlar berildi.




