“Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasida dolzarb ekologik masalalarga ilmiy yondashuvlar taqdim etildi
2026-04-27 21:20:00 / Yangiliklar

Konferensiyada Ostonada o’tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammitda O’zbekiston delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etgani qayd etildi. Sammitda Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan umummilliy loyihalar alohida e’tirof etildi. (https://t.me/ecogovuz/48690)
Tadbir davomida bir qator dolzarb ekologik masalalarga e’tibor qaratildi. Xususan, tadbirda nutq so‘zlagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamurodov hamda O’zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov bugungi kundagi ekologik muammolar, xususan, Orol dengizi masalasiga alohida to’xtaldi va dolzarb masalalarga yechim topishda eko-faol yoshlarning ahamiyati tobora ortib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, konferensiyada dolzarb ekologik masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar, taqdimotlar qilindi. Xususan, “Green University”ning Eron, Livan, Avstraliya va boshqa davlatlardan kelgan professorlari “Galofitlar: Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyoning o‘zgaruvchan dunyosida xilma-xillik va ta’siri”, “Cho‘l iqtisodiyoti va ta’lim”, “Barqaror kelajak qurish: Orol dengizi havzasida ekoturizm”, “Aqlli suv kelajagi: Yerni kuzatish sun’iy yo‘ldoshlari va ilg‘or texnologiyalar yordamida suv resurslarini o‘zgartirish” kabi mavzularda ma’ruza qilishdi.
Bundan tashqari, konferensiya davomida Orolbo‘yi hududida ekologik ta’limni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari, Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga mos o‘simliklarni tasniflash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, Orolbo‘yi hududida zararli ekologik omillarning aholi salomatligiga ta’siri, Janubiy Orolbo‘yi ko‘llarining gidrologik rejimi va hozirgi holati monitoringi masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, Orolbo‘yi hududida biologik ko‘p xillik holatini baholash va uni saqlab qolish bo‘yicha yondashuvlar, Amudaryo deltasining quyi qismidagi tush paytida faol qumsichqonlar soni dinamikasi, Orolbo‘yi hududidagi ko‘llar va qamishzorlar dinamikasini sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida baholash mexanizmlarini ishlab chiqish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligida iqlimga bardoshli texnologiyalarni joriy etishning amaliy jihatlari, Qoraqalpog‘iston sharoitida dorivor o‘simliklar introduksiyasi, Orol dengizining qurigan tubida ekotizimni tiklashda yashil qoplamalarning ahamiyati, Orol mintaqasida barqaror rivojlanish masalalari, cho‘llanishga qarshi kurash, Janubiy Orolbo‘yida tarqalgan noyob hasharotlarning ekologik ahamiyati va biosenotik o‘rni haqida to‘xtalib o‘tildi.
Qolaversa, Orolbo‘yi hududida barqaror rivojlanishni ta’minlashda sohaga oid malakali kadrlar tayyorlashning dolzarbligi, Qoraqalpog‘iston iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlariga elektromagnit maydonning ta’siri, Markaziy Osiyodagi yirik daryolar (Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon) to‘qay o‘rmonlarida yong‘in xavfini masofadan zondlash va GIS texnologiyalari asosida baholash, qum barxanlari va tuz ko‘chishlarining oldini olish imkoniyatlari, yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish, yashil iqtisodiyot asosida Orolbo‘yi hududini tiklash istiqbollari va boshqa dolzarb mavzularga ham e’tibor qaratildi.
Mazkur konferensiya dolzarb ekologik masalalarni hal qilish, xususan, Orol hududida ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida o‘ziga xos ilmiy-tajriba maydoniga aylandi.
Ma’lumot uchun, haftalik doirasida “Eko-tashabbus” loyihasi, daraxt ekish aksiyasi, “10 000 qadam” piyoda yurish marafoni va boshqa tadbirlar o’tkaziladi.









