“Markaziy Osiyo yashil qalqoni” rezolyutsiyasi imzolandi
2026-04-27 16:30:00 / Yangiliklar

Muhokamada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Xitoy Xalq Respublikasi ekologiya va atrof-muhit vaziri Xuan Juntsyu, Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ovegeldi Goshjanov, Qirg‘iz Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aqilbek Mazaripov, Tojikiston Respublikasi Hukumati tasarrufidagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori o‘rinbosari Davlatli Sharifzoda hamda xalqaro institutlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdilar.
Spikerlar o‘rmonlarni tiklash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish bo‘yicha milliy strategiyalarni taqdim etib, “Markaziy Osiyo yashil qalqoni” mintaqaviy tashabbusini shakllantirishga o‘z mamlakatlarining hissasini bayon qildilar. Asosiy e’tibor chang bo‘ronlari, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanishning oldini olishga qaratilgan yagona himoya o‘rmon polosalari, yashil to‘siqlar va transchegaraviy ekologik yo‘laklar tizimini yaratishga qaratildi.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida o‘rmonlarni tiklash va tabiiy resurslarni oqilona boshqarish bugungi kunda nafaqat ekologik vazifa, balki mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanishi va farovonligi bilan bevosita bog‘liq strategik ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. U BMT Bosh Assambleyasining 2027–2036-yillarni o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha Harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qilish haqidagi rezolyutsiyasi global, mintaqaviy va milliy darajalarda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini tasdiqlashini qayd etdi.
Shuningdek, u Orol dengizi muammosiga alohida to‘xtalib, uni Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik falokat va cho‘llanish misoli sifatida ta’rifladi.
Qayd etilishicha, Orolning qurigan tubi 2 million gektar maydonida keng ko‘lamli o‘rmon-meliorativ ishlar amalga oshirilgan, himoya daraxtzorlari barpo etilgan, shuningdek, Nukus shahrida Iqlim o‘zgarishi muzeyini tashkil etish kabi madaniy-ekologik tashabbuslar rivojlantirilmoqda.
Bundan tashqari, “Green University” bazasida xitoylik va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Cho‘llanishga qarshi kurash va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Ushbu markaz innovatsion texnologiyalarni joriy etish va “Xitoy texnologiyalari + Markaziy Osiyo amaliy yechimlari” modelini ilgari surish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Sessiya davomida “Markaziy Osiyo yashil qalqoni (2026–2035)” mintaqaviy tizimi konsepsiyasi, davlatlararo hamkorlik mexanizmlari, yerlarni tiklash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashinuvi va qo‘shma transchegaraviy investitsiya dasturlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu tashabbus butun mintaqaning ekologik xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan uzoq muddatli platforma bo‘lishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida “Markaziy Osiyo yashil qalqoni” rezolyutsiyasi imzolandi. U mintaqa davlatlarining yashil to‘siqlar tizimini yaratish orqali iqlim barqarorligini oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va ekologik xavfsiz kelajakni shakllantirish yo‘lidagi siyosiy irodasini mustahkamlaydi.








