O‘zbekiston Xitoy bilan chang va qum bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirishda hamkorlik qiladi
2026-04-27 14:45:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi ekologik sohadagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, tobora amaliy yo‘nalishga ega bo‘layotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, dolzarb ekologik muammolarni hal etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoy tomonga “Green University” huzurida Xitoy Fanlar akademiyasi ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo mintaqaviy cho‘llanishga qarshi kurash va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini rivojlantirishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirildi. Ushbu markaz yer degradatsiyasiga qarshi kurash, ilmiy tadqiqotlar olib borish, mutaxassislar tayyorlash va innovatsion yechimlar ishlab chiqishda muhim platformaga aylanayotgani qayd etildi.
Xuan Juntsyu ikki yil avval boshlangan muzokaralar allaqachon amaliy natijalar berayotganini ta’kidladi. Jumladan, hozirda O‘zbekistonda xitoylik investorlar tomonidan 11 ta chiqindini yoqish zavodi qurilmoqda. Bu esa o‘zaro ishonchning yuqori darajasi va investitsiyaviy hamkorlik samaradorligini ko‘rsatadi. Shuningdek, Xitoy tomoni ekologik investitsiya loyihalarini tezkor amalga oshirishda O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashni yuqori baholadi.
Hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston tomoni beshta asosiy yo‘nalishni taklif etdi: iqlim o‘zgarishlarini sun’iy yo‘ldosh tizimlari orqali o‘rganishda Xitoy tajribasini o‘rganish; Xitoy Jahon meteorologiya markazi faoliyati, jumladan, chang va qum bo‘ronlarini monitoring qilish tizimi bilan tanishish; Xitoy Ekologiya vazirligi huzuridagi Milliy monitoring markazi tajribasini o‘rganish; ekologiya sohasida Xitoy–O‘zbekiston xalqaro forumini o‘tkazish hamda havo sifati bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish.
Xitoy tomoni ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amaliy bosqichga o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, havo va suv sifatini tahliliy monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda milliy monitoring tizimlari salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti bilan hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, cho‘l iqtisodiyoti sohasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar. Toshkentdagi ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutidan ushbu yo‘nalishda mintaqaviy platforma sifatida foydalanish, shuningdek, “Green University” va Xitoyning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida chang va qum bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish tizimlarini mustahkamlashda Xitoyning ilg‘or tajribasini jalb etish hamda ushbu mexanizmlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Xitoy tomoni O‘zbekistonga olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislarni yuborish, mahalliy kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, bilim va tajriba almashish uchun o‘zbek delegatsiyalarini qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.





